
Ukraina energetikasida favqulodda holat rejimi joriy etildi
Rossiya zarbalari va sovuq ob-havo tufayli Ukraina energetika tizimi og‘ir bosim ostida qoldi.

Rossiyaning davom etayotgan hujumlari fonida Ukraina energetika tizimida favqulodda holat rejimi joriy etiladi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 14-yanvar kuni ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, zarar ko‘lami katta bo‘lib, ta’mirlash va kommunal xizmatlar elektr hamda issiqlik ta’minotini tiklash uchun sutka davomida ishlamoqda.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat ayniqsa poytaxt Kiyevda murakkab. Urush boshlanganidan beri ilk bor bunday ko‘lamdagi energetik inqiroz kuzatilmoqda. Shu sababli shaharda energetika bilan bog‘liq barcha jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun doimiy ishlaydigan maxsus shtab tashkil etishga qaror qilindi.
Prezident hukumati xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni kuchaytirib, qo‘shimcha uskunalar va yordam olish bo‘yicha ishlarni tezlashtirishini bildirdi. Shu bilan birga, zaxira energetika uskunalarini tarmoqqa ulash jarayonlarini soddalashtirish maqsadida deregulyatsiya choralari ko‘riladi. Elektr energiyasi importi hajmini oshirish ham kun tartibida turibdi.
Zelenskiy juda sovuq ob-havo davrida komendantlik soati qoidalarini qayta ko‘rib chiqish ehtimoli borligini ham aytdi. Bu qaror aholining xavfsizligi va hayotiy xizmatlar uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan.
14-yanvar kuni Kiyev shahar meri Vitaliy Klichko poytaxtdagi vaziyatni «juda og‘ir» deb baholadi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda shaharda taxminan 400 ta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qolgan.
«O‘ng sohilda issiqlik bilan bog‘liq vaziyat ancha barqarorlashgan. Qiyinrog‘i — shaharning chap sohilida», — dedi Klichko. Uning aytishicha, hozir Kiyevda elektr uzilishlarining soatbay jadvali amal qilmayapti, shahar favqulodda uzilish grafiklari bo‘yicha yashamoqda.
Klichko DTEK kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib, shahar aholisi «hozir taxminan uch soat yorug‘lik bilan, o‘n soatgacha, ayrim joylarda esa undan ham ko‘proq — yorug‘liksiz» qolishini aytgan. Uning ogohlantirishicha, avariyaviy o‘chirishlar davom etadi.





