
Ukraina litiy bilan «qarzini uzyapti»: Trampning do‘stiga yirik litiy koni berildi
Tramp ma’muriyati ishlab chiqqan nodir metallar bo‘yicha bitimning yangilangan talqini Ukrainada foydali qazilmalarni o‘zlashtirish hamda kelajakdagi investitsiyalar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishni ko‘zda tutadi.

Ukraina hukumati mamlakatdagi yirik litiy konini AQSH prezidenti Donald Trampning yaqin do‘stiga topshirdi. Bu haqda The New York Times nashri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, davlat tasarrufidagi eng yirik litiy konlaridan birini o‘zlashtirish huquqi bir guruh investorlarga, jumladan, Tramp bilan uzoq yillik do‘stlik aloqalariga ega milliarder Ronald Lauderga berilgan.
Nashrning qayd etishicha, Kiyevning ushbu qarori AQSH bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda strategik resurslarni qazib olishga Amerika sarmoyasini jalb qilish maqsadida qabul qilingan.
Donald Trampning o‘zi Oq uy foydali qazilmalar bo‘yicha erishilgan kelishuvlar tufayli Ukrainaga sarflangan barcha mablag‘larni qaytarib olishini aytgan. U sobiq prezident Jo Bayden Kiyevga yordam berish uchun 350 milliard dollar sarflaganini eslatib o‘tdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, u nodir metallar bo‘yicha imzolangan bitim orqali ushbu pullarning qaytishini ta’minlagan.
Tramp ma’muriyati tomonidan tayyorlangan nodir metallar to‘g‘risidagi bitimning yangi tahriri Ukrainadagi foydali qazilmalarni qazib olish va kelajakdagi investitsiyalar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishni ko‘zda tutadi.





