UzIMEI yetti yilda 3 trln so‘m daromad qildi. Aholi evaziga nima oldi?
O‘tgan hafta IMEI tizimi yana jamoatchilik muhokamasi markazida bo‘ldi. Yetti yildan buyon ishlayotgan bu tizim atrofida esa savollar hamon ko‘p: fuqarolar to‘layotgan mablag‘lar qayerga sarflanmoqda, majburiy to‘lov qanchalik asosli va tizim amalda qanday naf bermoqda? Vaqt.uz’ning yangi «Tomonlar» loyihasida IMEI yig‘imi va uning ortidagi muammolar muhokama qilindi.
O‘zbekistonda mobil qurilmalarni IMEI orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etilganiga yetti yil bo‘ldi. Shu vaqt ichida tizim orqali 253 mln dollar yoki qariyb 3 trln so‘m mablag‘ yig‘ilgani aytilmoqda. Biroq fuqarolar telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nima sababdan majburiy to‘lov qilayotgani, pullar qayerga yo‘naltirilayotgani va tizim o‘g‘irlangan qurilmalarni topishda qanchalik samarali ekani borasidagi savollar hamon ochiq qolmoqda.
Dastlab mobil qurilmalar bozorini legallashtirish, noqonuniy olib kirilgan telefonlar savdosiga qarshi kurashish va o‘g‘irlangan qurilmalarni aniqlash maqsadida joriy etilgan UzIMEI tizimi yetti yil davomida katta daromad manbayiga aylandi. Ammo bu davrda fuqarolar uchun qanday qulayliklar yaratilgani, tizimning amaliy samaradorligi va yig‘ilgan mablag‘larning sarflanishi haqida yetarlicha ochiq ma’lumot yo‘q.
Vaqt.uz’ning «Tomonlar» loyihasida Troll.uz asoschisi Umid G‘afurov bilan aynan shu masalalar muhokama qilindi. Muhokamada tizimning pulli bo‘lishi, operator kompaniyalar almashinuvi, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi va IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
253 mln dollar daromad va javobsiz savollar
Avgust holatiga ko‘ra, UzIMEI tizimi orqali 253 mln dollar yoki qariyb 3 trln so‘m mablag‘ yig‘ilgan. Bu raqam tizimning moliyaviy faoliyati va daromadlarni taqsimlash tartibiga doir savollarni kun tartibiga olib chiqmoqda.
Umid G‘afurovning fikricha, tizimning dastlabki maqsadi — noqonuniy telefonlar savdosini qisqartirish va bozorni legallashtirish — davlatning o‘zi uchun ham iqtisodiy manfaat keltiradi. Chunki qurilmalar rasmiy import orqali olib kirilsa, bojxona va soliq tushumlari ortadi. Shu sababli u IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish xizmatining pulli bo‘lishi qanchalik asosli ekaniga shubha bildirdi.
«Agar niyat xolis bo‘lsa, agar maqsad mana shu bozorni oqlash bo‘lsa, daromad topish bo‘lmasa, uni tekin qilsa bo‘ladi», — deydi G‘afurov.
Uning ta’kidlashicha, IMEI kodini elektron bazaga kiritish katta xarajat talab qiladigan jarayon emas. Mavjud davlat raqamli xizmatlari bilan integratsiya qilish orqali bu jarayonni soddalashtirish va arzonlashtirish mumkin. Shu nuqtai nazardan, tizimni saqlash va yuritish uchun zarur xarajatlar bilan fuqarolardan yig‘ilayotgan mablag‘ o‘rtasidagi nisbat ham ochiq ko‘rsatilishi kerak.
Nega tizim pulli va mablag‘lar qayerga ketmoqda?
UzIMEI bilan bog‘liq asosiy e’tirozlardan biri — to‘lovning majburiyligi. O‘zbekistonga olib kirilgan mobil qurilmalar belgilangan muddat ichida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Aks holda, qurilmaning mahalliy mobil tarmoqlarda ishlashi cheklanadi.
G‘afurov tizim uchun belgilangan to‘lovning bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langanini ham tanqid qildi. BHM oshishi bilan ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati ham ortib boradi. Biroq bu xizmat qiymati aynan qanday iqtisodiy hisob-kitoblar asosida belgilanganiga doir savollar mavjud.
Uning fikricha, avvalo, ushbu to‘lovning huquqiy va iqtisodiy mohiyati tushuntirilishi kerak. Agar bu soliq yoki davlat boji bo‘lsa, mablag‘ning budjetga yo‘naltirilishi va sarflanish tartibi aniq bo‘lishi lozim. Agar xizmat haqi bo‘lsa, uning qiymati qanday xarajatlar asosida shakllangani izohlanishi kerak.
«Mayli, to‘lov bo‘lsin, men tayyorman. Lekin mana shu pul qayerga ketayotganini ko‘rsatsin», — deydi G‘afurov.
G‘afurovning ta’kidlashicha, davlat va xususiy sektor ishtirokidagi bunday tizimlarda moliyaviy shaffoflik muhim. Fuqarolar to‘layotgan mablag‘lar qayerga sarflanayotgani, tizimni yuritish uchun qancha xarajat qilinayotgani va buning evaziga qanday natijalarga erishilayotgani ochiq e’lon qilinishi kerak.
Tenderdan xorijiy kompaniyalar almashinuv jarayoni
UzIMEI tizimining tashkil etilish tarixi va operator kompaniyalar bilan bog‘liq masalalar ham muhokamada alohida o‘rin oldi. G‘afurovning aytishicha, dastlab tizimni yaratish bo‘yicha tenderda Turkiyaning TGG kompaniyasi 2,5 mln dollarlik taklif bilan g‘olib bo‘lgan. Bu mablag‘ tayyor tizimni yaratish uchun taklif qilingan, keyinchalik doimiy to‘lovlar nazarda tutilmagan.
Biroq keyinchalik loyiha bilan bog‘liq kompaniya o‘zgargan va «Delta Communication» nomi paydo bo‘lgan. G‘afurov kompaniyaning AQSHdan Avstriyaga, keyinchalik Singapur bilan bog‘liq tuzilmaga o‘tganini ta’kidlab, bunday o‘zgarishlar qanday asoslangani bo‘yicha jamoatchilikka yetarlicha ma’lumot berilmaganini aytdi.
Uning fikricha, ayniqsa, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari bilan ishlaydigan tizimda operatorning egalik tuzilmasi, texnik imkoniyatlari va javobgarligi ochiq bo‘lishi kerak.
Muhokamada tizimdagi 51 foizlik ulush xorijiy kompaniyaga, 49 foizi esa davlatga tegishli ekani ham tilga olindi. G‘afurov davlat ulushining kelgusidagi taqdiri, uni sotish rejalari va bunday qarorlarning shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga ta’siri yuzasidan savollar borligini bildirdi.
Biroq kompaniyalarning egalik tarixi, aksiyadorlar tarkibi va ma’lumotlar saqlanadigan serverlar joylashuvi bo‘yicha muhokamada mustaqil tasdiqlangan hujjatlar keltirilmadi. Shu sababli bu masalalar tegishli tashkilotlarning rasmiy izohini talab qiladi.
Tizim o‘g‘irlangan telefonlarni topishga yordam beryaptimi?
UzIMEI tizimining asosiy maqsadlaridan biri o‘g‘irlangan telefonlarni aniqlash va ularning noqonuniy ishlatilishining oldini olish hisoblanadi. Biroq tizimning yetti yillik faoliyati davomida bu borada qanday natijalarga erishilgani ham muhim savol bo‘lib qolmoqda. Xususan, qancha telefon o‘g‘irlangani, ulardan nechtasi IMEI orqali aniqlangani, qancha qurilma bloklangani va egalariga qaytarilgani haqida muntazam hisobot berilishi kerak.
G‘afurovning aytishicha, uning tanishlari orasida telefonini yo‘qotganlar bor, biroq ularning IMEI tizimi yordamida qurilmasini qaytarib olgani haqida eshitmagan. Uning fikricha, tizimning samaradorligini faqat ro‘yxatdan o‘tkazilgan qurilmalar yoki yig‘ilgan mablag‘ bilan baholab bo‘lmaydi. Buning uchun o‘g‘irlangan telefonlarni aniqlash va egalariga qaytarish bo‘yicha aniq statistika kerak.
G‘afurov, shuningdek, IMEI kodlarini klonlashtirish holatlari borligi haqidagi xabarlarni eslatdi. Uning fikricha, katta daromad olayotgan va xavfsizlikni ta’minlashni maqsad qilgan tizimda bunday holatlarning oldini olish mexanizmlari ham tushunarli bo‘lishi kerak.
Raqamlashtirish o‘rniga aeroportda qo‘lda tekshirish
Xorijdan kelayotgan fuqarolar va sayyohlar uchun IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidagi noqulayliklar ham muhokama qilindi.
Ko‘rsatuvda ayrim holatlarda qurilmalarni aeroportda olib qolish va ularni tekshirish jarayoni uzoq davom etishi mumkinligi aytildi. Xususan, ayrim telefonlar 30 kungacha olib qolingani, jamoatchilik noroziligidan keyin esa ularni qaytarish jarayoni boshlanganiga oid holatlar eslatildi.
Bunday tartib mamlakatda turizmni rivojlantirish va raqamli xizmatlarni soddalashtirish maqsadlariga qanchalik mos kelishi savol ostiga qo‘yildi.
G‘afurov IMEI ma’lumotlarini mavjud davlat raqamli platformalari — OneID, MyID yoki MyGov bilan integratsiya qilish mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, mobil operatorlar bilan texnik integratsiya orqali qurilmaning IMEI kodini avtomatik aniqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini foydalanuvchi uchun ancha qulay qilish mumkin.
Bunda fuqarodan qo‘shimcha ma’lumotlarni qayta-qayta kiritish yoki aeroportda uzoq vaqt kutish talab etilmaydi. Mavjud raqamli infratuzilmadan foydalanish orqali ham jarayonni tezlashtirish, ham ma’muriy xarajatlarni kamaytirish mumkin.
G‘afurovning fikricha, masala faqat pul bilan cheklanmaydi. Sayyoh yoki xorijdan kelgan fuqaro telefonini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sarflagan vaqt ham iqtisodiy qiymatga ega. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, bunday jarayonlar natijasida odamlarning vaqt yo‘qotishi yiliga 1,5 mln dollardan 8 mln dollargacha qo‘shimcha xarajat keltirib chiqarishi mumkin. Bu raqam ko‘rsatuvda keltirilgan taxminiy hisob-kitob bo‘lib, mustaqil tasdiqlangan statistika emas.
Shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi masalasi
IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida qurilma kodi bilan birga foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari ham qayd etiladi. Shu sababli tizim operatorining texnik xavfsizligi va ma’lumotlarni saqlash tartibi alohida ahamiyatga ega.
Muhokamada ma’lumotlar qayerda saqlanishi, ularga kimlar kirish imkoniyatiga ega ekani va xorijiy kompaniyaning ushbu bazalar ustidan qanday vakolatlarga egaligi yuzasidan savollar ko‘tarildi.
G‘afurov tizimning ochiq internet-resurslari va kompaniya haqidagi ma’lumotlar yetarlicha ishonch uyg‘otmasligini aytib, kiberxavfsizlik bo‘yicha mustaqil audit o‘tkazilishi zarurligini bildirdi. Uning fikricha, shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlaydigan kompaniyaning texnik xavfsizligi va xalqaro standartlarga muvofiqligi jamoatchilik uchun tushunarli tarzda ko‘rsatilishi kerak.
Shu bilan birga, muhokama davomida ma’lumotlar xorijda saqlanayotgani yoki tizimda aniq xavfsizlik buzilishi mavjudligi tasdiqlanmadi. Bu masalalar vakolatli tashkilotlarning rasmiy ma’lumotlari va mustaqil texnik audit orqali aniqlashtirilishi lozim.
Jahon tajribasi: nega Qozog‘istonda bepul va Turkiyada bu qimmat?
UzIMEI tizimi boshqa mamlakatlardagi amaliyot bilan ham taqqoslandi.
G‘afurovning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish bepul. Uning fikricha, bunday tizimni davlatning mavjud raqamli infratuzilmasi orqali yuritish va xarajatlarni budjet hisobidan qoplash mumkin.
U Turkiyadagi yuqori to‘lovlarni ham misol sifatida keltirib, har qanday xorijiy tajribani O‘zbekiston uchun namuna sifatida qabul qilish to‘g‘ri emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, mamlakatlar o‘rtasida taqqoslash qilganda faqat to‘lov miqdorini emas, balki iqtisodiy sharoit, tizimning vazifasi va fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini ham hisobga olish kerak.
G‘afurovning fikricha, tizimning samaradorligini baholashda yig‘ilgan mablag‘ning o‘zi emas, balki noqonuniy importning qisqarishi, o‘g‘irlangan telefonlarning topilishi, iste’molchilar uchun yaratilgan qulaylik va davlatga kelgan iqtisodiy foyda ham hisobga olinishi kerak.
Majburiy to‘lovlar va yashirin xarajatlar
Muhokamada UzIMEI misolida O‘zbekistondagi boshqa majburiy to‘lovlar masalasi ham ko‘tarildi. G‘afurovning ta’kidlashicha, mamlakatda soliq yuki nisbatan past ekani haqida ko‘p gapiriladi. Biroq fuqaro va tadbirkorlarning xarajatlari faqat soliqlardan iborat emas. Sertifikatlash, ruxsatnomalar, turli ma’muriy xizmatlar va boshqa majburiy to‘lovlar ham umumiy xarajatlarni oshiradi.
Uning fikricha, bunday to‘lovlarni alohida ko‘rib chiqish emas, balki ularning umumiy iqtisodiy yukini hisoblash kerak. Chunki har bir qo‘shimcha xarajat oxir-oqibat iste’molchi yoki tadbirkor zimmasiga tushadi.
G‘afurov utilizatsiya yig‘imi va boshqa majburiy to‘lovlarni ham misol sifatida keltirdi. Uning fikricha, bunday to‘lovlar joriy etilganda ularning iqtisodiy asoslari, yig‘ilgan mablag‘lar qayerga sarflanishi va qanday natija berayotgani ochiq ko‘rsatilishi kerak.
«Mayli, to‘lovlar bo‘lsin, lekin shaffof bo‘lsa ham mayli edi-da. Ya’ni mana shu pul qayerga sarflanyapti?» — deydi u.
U ochiq budjet tizimida ham mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha fuqarolarga yanada tushunarli ma’lumot berilishi zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, odamlar to‘lagan soliqlari va boshqa majburiy to‘lovlari evaziga qanday infratuzilma yoki xizmatlar yaratilganini ko‘ra olishi kerak.
«Tomonlar»ning ikkinchi tomoni ham javob berishi kerak
Vaqt.uz suhbat davomida UzIMEI vakillarini ham muhokamada ishtirok etishga taklif qilgan. Dastlab taklifga rozilik bildirilgan bo‘lsa-da, keyinchalik tashkilot vakillari aeroportdagi ish jarayonlari bilan bandligini sabab qilib kela olmasligini aytgan.
Shu bois UzIMEI tizimining moliyaviy faoliyati, operator kompaniyalar va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha savollarga tashkilot vakillarining javoblari olinmadi.
UzIMEI vakillari uchun quyidagi savollar ochiq qolmoqda: yetti yil davomida yig‘ilgan 253 mln dollar qanday taqsimlangan? Tizimning real xarajatlari qancha? O‘g‘irlangan telefonlarni aniqlash bo‘yicha qanday natijalarga erishilgan? Operator kompaniyalarning o‘zgarishi qanday asoslangan? Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari qayerda va qanday himoyalanmoqda? Nima uchun mavjud davlat raqamli xizmatlari bilan integratsiya qilish orqali jarayonni soddalashtirish imkoniyatlari to‘liq ishga solinmagan?
Umuman, UzIMEI atrofidagi bahs faqat telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lanadigan mablag‘ haqida emas. Bu majburiy xizmatlarning iqtisodiy asoslanganligi, davlat va xususiy operatorlar o‘rtasidagi munosabatlar, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi hamda jamoatchilik oldidagi hisobdorlik masalasi. Raqamli xizmatlar fuqarolarning vaqtini va mablag‘ini tejashi kerak. Agar buning aksi yuz bersa, tizimning mavjudligi va undan olinayotgan daromadning o‘zi uning samaradorligini isbotlamaydi.
Teglar






