Logo

Vazir Darknet’da o‘zbekistonliklarning ma’lumotlari sotuvga chiqarilishi bilan bog‘liq tahdidga munosabat bildirdi

Bugun 16:522 daqiqa

Dastlab haydovchilarning Safe Road bazasidagi ma’lumotlari «pullanayotgani» aytildi. Oradan biroz vaqt o‘tib, 27 mln kishining ma’lumotlari sotuvga chiqarilishi aytildi.

Vazir Darknet’da o‘zbekistonliklarning ma’lumotlari sotuvga chiqarilishi bilan bog‘liq tahdidga munosabat bildirdi © Digital.uz

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 27 milliondan ortiq o‘zbekistonlikning shaxsiy ma’lumotlari xakerlar guruhi tomonidan qo‘lga kiritilgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

«Yaqinda 27 million ma’lumot chiqib ketdi, deb shov-shuv qilgan “Butterfly team”ning maqsadi ham aynan shu masalaga e’tibor qaratish bo‘lganini o‘zi ham yozib chiqibdi. Lekin hozir tarqalmadi degani, zudlik bilan choralar ko‘rilmasa, ertaga bunday holat bo‘lmasligiga kafolat degani emas!» — deb yozdi vazir.

U barcha davlat, nodavlat va tijorat tashkilotlari o‘z tizimlarida doimiy ravishda zaifliklarni tuzatib borishi zarurligini ta’kidladi.

Shermatov sun’iy intellektni rivojlantirishga sarmoya qilinganida, undan himoya qilishga ham tegishli sarmoya kiritish juda muhimligini ta’kidladi.

«Uni SI yo‘nalishida maqsadsiz sarf deb hisoblansa, risk ortaveradi», — deydi u.

Uning aytishicha, zudlik bilan tizimlarni tuzatish choralari ko‘rilmasa, raqamlashtirish va SI rivoji borgan sari xavfning ortishiga sabab bo‘laveradi.

So‘nggi kunlarda o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalayotgani bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Dastlab haydovchilarning Safe Road bazasidagi ma’lumotlari sizib chiqqani aytildi. Bundan tashqari tarmoqlarda inDrive, Lada Auto, KiwiTaxi, Fargo, Maktab.uz, Andalus va boshqa xizmatlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bazalari tarqatilayotgani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.

Keyinchalik esa o‘zini «BUTTERFLY» deb ataydigan xakerlar guruhi Adliya vazirligi huzurida faoliyat yuritgan sobiq Personallashtirish agentligining ma’lumotlar bazasiga kirgani va 27 milliondan ortiq fuqaroning ma’lumotlarini qo‘lga kiritganini da’vo qildi. Xakerlar o‘z da’volariga dalil sifatida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq talabalar «Xavfsiz talaba» ilovasini o‘rnatishga majburlangani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid