Vazirlikning xizmat safarlariga sarflagan mablag‘i, pulli yo‘l tariflari va go‘sht importiga subsidiya — 7-aprel dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Surxondaryoda gaz quyish shoxobchasida portlash yuz berdi
7-aprel kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa “KAMAZ” rusumli gaz tashuvchi avtomobildan sig‘imga gaz quyish jarayonida chaqnash yuzaga kelishi natijasida kelib chiqqan. Qutqaruv xizmatlari tezkor yetib kelib, yong‘inni qisqa vaqt ichida o‘rab olgan va soat 10:10 da to‘liq o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q, ikki nafar fuqaro yengil kuyish jarohati olgan. Ularning biri 10 foiz, ikkinchisi 3–4 foiz darajada jarohatlangan bo‘lib, ayni paytda ahvoli yaxshi ekani ma’lum qilingan.
2025 yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xizmat safarlariga qancha mablag‘ sarflangani ochiqlandi
2025 yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbarlari xizmat safarlari uchun jami 3,3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan. Shundan 120 ta xorijiy safarga 2 mlrd 447 mln so‘m yo‘naltirilgan bo‘lib, safarlar 24 ta davlatni qamrab olgan va har biri o‘rtacha 20,4 mln so‘mga tushgan. Eng ko‘p mablag‘ Fransiyaga amalga oshirilgan 15 ta safarga (427 mln so‘m) sarflangan, eng qimmat safar esa Londonga 78,6 mln so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, yil davomida 383 ta mahalliy xizmat safari amalga oshirilib, ular uchun 875,8 mln so‘m sarflangan. Eng ko‘p safarlar Samarqand viloyatiga (105 ta), eng kam safarlar esa Qashqadaryo viloyatiga (14 ta) to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekistonda pulli yo‘l tariflari qanday belgilanishi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llari uchun tariflar masofa, hudud va transport turiga qarab belgilanadi. Senat muhokamalarida ma’lum qilinishicha, tariflarni shakllantirish uslubiyatini Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi, bunda aholining ijtimoiy holati ham inobatga olinadi. Yirik yo‘nalishlarda yengil avtomobillar, yuk mashinalari va avtobuslar uchun alohida tariflar joriy etiladi, shuningdek tashilayotgan yuk xususiyati ham hisobga olinadi.
Shu bilan birga, tariflarni sun’iy oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi va operatorlar tirbandlik yoki ob-havo sharoitiga qarab narxni o‘zgartirolmaydi. Yig‘ilgan mablag‘larning sarfi «Shaffof yo‘l» platformasi orqali ochiq kuzatib boriladi, tushumlar esa yo‘llarni saqlash va davlat budjetiga yo‘naltiriladi.
Go‘sht importiga subsidiya joriy etildi
O‘zbekistonda go‘sht importini qo‘llab-quvvatlash va narxlarni barqarorlashtirish maqsadida subsidiyalar joriy etildi. Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1-apreldan 1-avgustgacha tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini havo transporti orqali olib kirish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi, biroq har bir kilogramm uchun 0,8 dollardan oshmasligi belgilangan.
Shuningdek, 2026 yil 1-apreldan 31-dekabrgacha nasldor qoramol importi uchun ham subsidiya ajratilib, uning qiymatining 10 foizi davlat tomonidan qoplanadi (bir bosh uchun 4 mln so‘mgacha). Ushbu mablag‘lar Agrar sohada to‘lovlar agentligi orqali moliyalashtiriladi va choralar go‘sht bozorida narxlarni barqarorlashtirish hamda chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan.
Senat shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Senat «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonunni ma’qullab, u aholining yashash sharoitini yaxshilash, eski va xavfli binolarni yangilash hamda shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratildi. Qonunga ko‘ra, renovatsiya jarayonlari ochiqlik tamoyili asosida amalga oshirilib, barcha ma’lumotlar maxsus elektron platforma va rasmiy manbalar orqali e’lon qilinadi.
Hujjatda mulkdor huquqlari ustuvorligi belgilab qo‘yilib, kompensatsiyaning bir nechta shakllari — yangi uy-joy, pul yoki boshqa kelishuv asosida taqdim etiladi. Shuningdek, mulkdorlarga qo‘shimcha ravishda 12 foizlik bir martalik kompensatsiya to‘lanadi. Qonun doirasida ko‘chirish jarayonlari, ijtimoiy himoya va infratuzilmani hisobga olgan holda renovatsiyani bosqichma-bosqich amalga oshirish ko‘zda tutilgan.





