Venesueladagi kuchli zilzilalar qurbonlari soni 1430 kishiga yetdi
24-iyun kuni sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilzila oqibatida 68,9 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan. Qutqaruvchilar omon qolganlarni izlash ishlarini davom ettirmoqda.
© AP Photo/Matias DelacroixVenesuelada 24-iyun kuni sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 1430 kishiga yetdi. Yana kamida 68,9 ming kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda mamlakat hukumati ma’lumotlariga tayanib Associated Press xabar berdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tabiiy ofatdan keyingi dastlabki 48–72 soat omon qolganlarni qutqarish uchun eng muhim davr hisoblanadi. Agar jabrlanganlar oziq-ovqat va ichimlik suviga ega bo‘lsa, tirik qolish ehtimoli yanada uzoqroq saqlanishi mumkin.
Eng katta talafot La-Guayra shtatida qayd etilgan. Mintaqada qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodrigesning ma’lum qilishicha, xavfsizlikni ta’minlash va qutqaruv operatsiyalarini kuchaytirish uchun ofat hududiga 14 mingdan ortiq harbiy va politsiya xodimi jalb qilingan.
Shu bilan birga, ko‘plab mahalliy aholi hukumatning harakatlarini yetarli emas deb baholamoqda. Ularga ko‘ra, harbiylar, politsiya, yong‘in-qutqaruv xizmatlari va harbiy kursantlar bunday ko‘lamdagi tabiiy ofatga tayyor bo‘lmagan.
BMT hisobotiga ko‘ra, magnitudasi 7,2 va 7,5 ball bo‘lgan ikki zilzila natijasida yetkazilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy zarar 6,7 mlrd dollarga baholanmoqda.
Qayd etilishicha, ikkinchi zilzila Venesuelada so‘nggi yuz yildan ortiq vaqt ichida qayd etilgan eng kuchli yer silkinishlaridan biri bo‘lgan.





