add

Xitoylik investorlar O‘zbekistonda bir yilda 1500 ta kompaniya ochdi. Bu — rekord

16.12.2025 | 14:553712 daqiqa

O‘zbekistonda Xitoy kompaniyalari soni sezilarli o‘sib bormoqda: ayni paytda 4873 ta Xitoy kompaniyalari faoliyat olib boryapti. Ikkinchi o‘rindagi Rossiya (3209 ta) katta farq bilan ortda. Xitoy boshqa iqtisodiy yo‘nalishlarda ham yetakchi.

Xitoylik investorlar O‘zbekistonda bir yilda 1500 ta kompaniya ochdi. Bu — rekord

Dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgani kabi, Xitoy O‘zbekistonning ham asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanib oldi.

2025 yilning 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokida 17 900 ta kompaniya faoliyat olib bormoqda.

Ularning kamida to‘rtdan biri yoki 4873 tasi Xitoy investitsiyasi orqali tashkil qilingan. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (3209) va Turkiya (2109) bormoqda.

 

Xitoy comp 01

Stat.uz ma’lumotlari asosida Vaqt.uz infografikasi

 

So‘nggi bir yil ichida xitoylik investorlar O‘zbekiston hududida jami 1501 ta kompaniya ochdi. Bu mutlaqo rekord ko‘rsatkich. Ikkinchi o‘rindagi Turkiya oxirgi bir yilda 200 ta ham kompaniya ochmagan.

Xitoy har doim ham xorijiy korxonalar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lmagan. 2022 yillarda Rossiya va Turkiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha oldinda edi. Biroq, so‘nggi yillarda Xitoy katta farq bilan boshqalardan o‘tib ketishga erishdi.

2023 yilda Xitoy iqtisodiyoti pandemiyadan so‘ng nihoyat tiklanishi kutilgandi. Ammo iqtisodiy o‘sish bo‘yicha o‘ta ijobiy kutilmalar o‘zini oqlamadi.

Xitoylik mahalliy investorlar esa bunday iqtisodiy vaziyatda potensial tashqi bozorlarni qidira boshladi va ulardan biri O‘zbekiston bo‘ldi. Rivojlanayotgan va hali ko‘p jihatdan to‘yinmagan bozor xitoylik investorlar uchun jozibador bo‘lib chiqdi.

 

Xitoy hamma yerda

O‘zbekistonning boshqa asosiy iqtisodiy tarmoqlarida ham Xitoy yetakchi bo‘lib turibdi. Tashqi savdo bo‘yicha bir necha yil avval Rossiya ortda qoldirildi.

Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi urushdan so‘ng, Xitoy vaziyatdan foydalanib, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkoriga aylanib oldi. 2025 yilning 10 oyida Xitoy bilan tashqi savdo 13,1 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, Rossiya bilan bu ko‘rsatkich 10,6 mlrd dollar bo‘ldi.

Xorijiy investitsiyalar bo‘yicha ham Xitoy yaqqol yetakchi. Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga chetdan kirib kelgan investitsiyalar va kreditlarning 36,2 foizi Xitoy hisobiga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi o‘rindagi Rossiyaning ulushi atiga 8,4 foiz.

Davlat tashqi qarzida ham davlatlar kesimida Xitoy birinchi o‘rinda turadi — 3,7 mlrd dollar. Ikkinchi o‘rindagi Yaponiyadan O‘zbekistonni 3,1 mlrd dollar qarzi bor.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 4

Barchasi

Mavzuga oid