Logo

Xivadagi «Qovun sayli» festivali Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi

Bugun 09:401 daqiqa

Xivada o‘tkazilgan «Qovun sayli» festivalida 259 kishi bir vaqtda 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rib, Ginnes rekordlar kitobiga kirdi.

Xivadagi «Qovun sayli» festivali Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi © uzbektourism

7–9-avgust kunlari Xivadagi «Ichan qal’a» va «Arda Xiva» majmualarida «Qovun sayli» festivali bo‘lib o‘tdi. Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan festivalga 186 ming nafar mehmon tashrif buyurdi. Ular orasida 150 ming mahalliy va 36 ming xorijiy sayyoh bor.

Festivalning asosiy voqeasi 9-avgust kuni qayd etilgan «Eng katta qovun degustatsiyasi» bo‘yicha jahon rekordi bo‘ldi. Ginnes rekordlar kitobi rasmiy sertifikatiga ko‘ra, 259 kishi bir vaqtda 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rgan. Rekordni tasdiqlash jarayonida Ginnesning Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha rasmiy hakami Sheyda Subashi Gemiji ishtirok etdi.

Festival dasturi

Tadbir davomida san’atkorlar chiqishlari, mahorat darslari, ko‘rgazmalar va tanlovlar tashkil etildi. Festivalning yopilish marosimida rossiyalik xonanda MakSim ham ishtirok etdi.

Festivalda Xorazm viloyati tumanlari, fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar qovunning o‘nlab navlari, mahalliy mahsulotlar, texnologiyalar va qishloq xo‘jaligidagi yutuqlarini namoyish qildi.

Tadbir yakunida bosh sovrin Xiva shahar hokimligiga berildi. Yangiariq tumani hokimligi birinchi, Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi ikkinchi o‘rinni egalladi.

Uchinchi o‘rin Urganch davlat universiteti, UzAuto'ning Xorazm filiali va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining Xorazm viloyati boshqarmasiga nasib etdi.

tg_image_3742307938

Teglar

Mavzuga oid