add

Xususiy klinikadan jasadi chiqqan yigit, «Yandeks»ga boykot, bog‘ uchun 82 mln so‘mlik jarima — hafta dayjesti

Bugun 17:552216 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda yuz bergan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.

Hafta ichida burnini operatsiya qilish uchun xususiy klinikiga kirib, tirik chiqmagan yigit voqeasi shov shuvlarga sabab bo‘ldi. Sodir bo‘lgan ayanchli voqea so‘nggi yillarda nafas yo‘llarini kengaytirish yoki estetik jarrohlik amaliyotlarida xavfsizlik masalalari yetarlicha nazorat qilinmayotganidan dalolat beradi.

Shu va haftaning boshqa eng muhim voqealari — bugun haftalik dayjestimizda.

  • «Yandeks» takchisilarining ish tashlashi

  • Tashlandiq yerni bog‘ qilib, jarimaga tortilgan fuqaro

  • Elektron retseptga o‘tgan dorixonalar

Toshkentda erkak operatsiya chog‘ida vafot etdi

Toshkentda 31 yoshli yigitning burun operatsiyasidan tirik chiqmagani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. U nafas olishdagi muammolar sabab Olmazor tumanidagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotini rejalashtirgan. Tekshiruvlardan o‘tgach operatsiyaga ruxsat berilgan, biroq bemor operatsiya vaqtida vafot etgan. Dastlabki ma’lumotlarda o‘limga anafilaktik shok sabab bo‘lgani aytilmoqda, marhumning yaqinlari esa narkoz me’yoridan ortiq berilgan, degan gumonda.

Operatsiya «Ibatov» klinikasida amalga oshirilgan. Marhumning qarindoshlari klinika nafaqat voqea yuzasidan izoh bermaganini, balki ta’ziya ham bildirmaganini tanqid qildi. Ayni paytda Olmazor tumani prokuraturasi voqea yuzasidan tergov ishlari olib bormoqda.

Ibatovdan 12-noyabr kuni yuz bergan voqea tafsilotlari haqida so‘ralganda, u shu kun klinikada bo‘lmagani, holatni eshitgach, tezda shifoxonaga yetib kelgani va patsiyentning yaqinlariga o‘lim haqida xabar berilganini ma’lum qilgan.

Qayd etish kerak, ushbu klinikida burnini operatsiya qilib, majruh bo‘lib qolgan ikki qizning yaqinlarining e’tirozi ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Tashlandiq yerni bog‘ qilgan fuqaroga jarima

So‘nggi kunlarda ekologik vaziyat, havoning ifloslanishi muhokama qilinayotgan bir vaqtda o‘z hisobidan tashlandiq yerda bog‘ barpo etgan fuqaroning jarimaga tortilgani keng e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Yashnobod tumanida ikki yil davomida tashlandiq yerda o‘z hisobidan bog‘ barpo etgan Arsen Avanesyan 82,4 mln so‘m jarimaga tortildi.

Avanesyan 2022 yildan beri temiryo‘l yoqasidagi bo‘sh maydonni tozalab, minglab ko‘chat ekib, yo‘lkalar, o‘rindiqlar, yoritish tizimi, videokuzatuv va sug‘orish kommunikatsiyalarini o‘rnatgan. Jarayonlarga 300 ga yaqin mahalla aholisi ham ko‘ngilli tarzda yordam bergan, sarflangan umumiy mablag‘ esa 1 mlrd so‘mdan oshgan.

Biroq mas’ul idoralar bu faoliyatni yer qonunchiligini buzish deb baholadi. Tekshiruvdan so‘ng tashabbuskorga 82,4 mln so‘m jarima qo‘llandi va hududni «avvalgi holati»ga — ya’ni, bo‘sh va qarovsiz yer ko‘rinishiga qaytarish talab qilindi.

Mazkur holat yuzasidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, chiqindixona o‘rnida bog‘ barpo etish fuqaro tashabbusi bilan boshlanib, 300 ga yaqin aholi hasharda ishtirok etgan. Tashkilot bu hudud hozir to‘laqonli yashil maskanga aylanganini  va bunday ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini ma’lum qildi.

Hammasi yaxshi. Ekologiya qo‘mitasi ham tashabbuskor inson tarafga turib berdi. Biroq, unga solingan 82 mln so‘mlik jarima bekor qilindimi yo‘qmi, hozircha mavhum bo‘lib qolmoqda. Sud jarimani bekor qilish uchun Ekologiya qo‘mitasining qo‘llovini inobatga olarmikin?

«Humans» atrofidagi mojaro

So‘nggi kunlarda «Humans» bilan bog‘liq voqealar fintex bozorining eng muhokama qilinayotgan mavzularidan biriga aylandi. 4–8-dekabr kunlari ko‘plab foydalanuvchilar kartalaridan ularning ruxsatisiz 1 milliondan 30 million so‘mgacha mablag‘lar yechib olingani haqida xabar berildi. Holatdan jabr ko‘rgan yuzlab o‘zbekistonliklar Telegram guruh ochib, jamoaviy murojaat tayyorlashni boshladi.

Markaziy bank izohiga ko‘ra, «Humans» ilovasidagi «Paylov» orqali pul o‘tkazmalari texnik nosozliklar sabab vaqtincha to‘xtatilgan. Tomonlar bir-birini ayblamoqda: «Humans» muammoni «Paylov»dan ko‘rsa, «Paylov» bu ayblovni rad etdi.

Shu bilan birga, hujjatlar orqali kompaniya «Humans» allaqachon — 14-oktabrda iqtisodiy sud tomonidan bankrot deb topilgani ham ma’lum bo‘ldi. Qarzdorliklar va cheklovlar ortidan kompaniyaning moliyaviy inqirozi chuqurlashgani aytiladi.

Natijada, fintex bozorining faol o‘yinchisi bo‘lgan «Humans» bir necha oy ichida firibgarliklar, texnik nosozliklar va bankrotlik xabarlari bilan kun tartibiga chiqdi.

«Yandex»ga boykot: haydovchilar noroziligi kuchaymoqda

So‘nggi kunlarda Rossiya va O‘zbekistondagi haydovchilar orasida 15-dekabr kuni «Yandex» taksiga boykot e’lon qilish chaqiriqlari aks etgan video tarqaldi. Asosiy norozilik — tariflar pastligi, komissiya yuqoriligi va xarajatlarning oshganiga qaramay daromadning kamayishi.

Rossiyada boshlangan harakat O‘zbekistonda ham qo‘llab-quvvatlandi. Haydovchilar so‘nggi paytlarda 18,8 foizlik komissiya, tarif siyosati va soliqdagi noaniqliklardan shikoyat qilmoqda. Ularning aytishicha, bu masalada aniq javob beradigan tomon yo‘q: Yandex ham, soliq organlari ham bir-biriga ishora qilayotgani uchun haydovchilar muammoning asl sababini bilolmayapti.

Blogerlar haydovchilarni bir kun davomida Yandex o‘rniga boshqa xizmatlarda ishlashga chaqirmoqda. Ayrimlar esa boykotning ta’siri cheklangan bo‘lishi mumkinligini, barcha haydovchilar bir vaqtning o‘zida ishga chiqmay qolmasligini aytmoqda.

Boykotning yana bir tomoni — tarif oshirilsa, bu yo‘lovchilar uchun ham qimmatlashuvni anglatadi. Bozor endi haydovchi manfaatlari va iste’molchi qulayligi o‘rtasida muvozanat topishi kerak bo‘ladi.

15-dekabrga rejalashtirilgan boykot — so‘nggi yillarda to‘planib kelgan komissiya, tarif, soliq va shaffoflik masalalari bo‘yicha norozilikning eng yorqin ko‘rinishi bo‘lib turibdi. O‘zgarishlar bo‘ladimi-yo‘qmi — vaqt ko‘rsatadi.

Turizm qo‘mitasi mulozimi 15 yilga qamalgan — manba

So‘nggi kunlarda davlat xizmatidagi xavfsizlik va oshkoralik masalalari yana kun tartibiga chiqdi. Sobiq Ekologiya vazirligi huzuridagi qo‘mita ofis-menejeri «davlatga xoinlik qilish»da aybdor deb topilib, Harbiy sud tomonidan 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingani ma’lum bo‘ldi.

Xodim 2025 yil 1-fevraldan boshqarma boshlig‘i sifatida ish boshlashi kutilgan. Biroq 2025 yil 24-yanvar kuni DXX tomonidan Jinoyat kodeksining 157-moddasi bo‘yicha hibsga olingan.

Sud jarayonida ayblov tomoni xodimni ma’lumotlarni OAVga sizdirganlik ayblagan. Biroq himoya tomoni taqdim etilgan materiallarda davlat siriga oid manba, qabul qiluvchi shaxs yoki hujjat haqiqiyligini tasdiqlovchi dalil yo‘qligini ta’kidlagan. Shuningdek, xodimning bunday hujjatlar bilan ishlash huquqi bo‘lmagani qayd etilgan.

Birinchi instansiyadagi sud qaroridan norozi tomonlar apellyatsiya va keyinchalik kassatsiya shikoyati kiritgan. Hozirda ish Harbiy sudning kassatsiya hay’atida o‘rganilmoqda.

Dorixonalarda elektron retseptga o‘tmoqda

O‘zbekistonda 10-dekabrdan boshlab dorixonalar uchun «Elektron retsept» tizimiga ulanish litsenziya olish va uni saqlab qolishning majburiy sharti sifatida joriy etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8-sentabrdagi qaroriga muvofiq, 2025 yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov tartibi joriy etilgan 15 ta tuman va shahardagi barcha dorixonalar elektron retsept moduli orqali ma’lumot almashinuvini real vaqt rejimida ta’minlashi shart. 2026 yil yakuniga qadar esa respublika bo‘ylab barcha dorixonalar ushbu tizimga to‘liq ulanishi majburiy bo‘ladi.

Yangi tartibning asosiy maqsadi retsept asosida berilishi shart bo‘lgan dori vositalarini nazoratsiz va qonunbuzilish holatlarida sotilishini keskin qisqartirishga qaratilgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, retseptsiz sotilishi taqiqlangan dori vositalarini qoidalarga zid ravishda realizatsiya qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Elektron retsept tizimiga ko‘ra, shifokor tomonidan tayinlangan ayrim dori vositalarini xarid qilish uchun bemor dorixonaga elektron shaklda rasmiylashtirilgan retsept bilan murojaat qilishi lozim bo‘ladi. Bu tizim orqali shifokor tayinlovi, dorixonada dori berilishi va bemorning qabul qilishi o‘zaro bog‘langan yagona raqamli zanjirga aylanadi.

Biroq, ijtimoiy tarmoq faollari poytaxtda elektron retsept bir qator noqulayliklar keltirib chiqarayotgani, «paratsetamol» kabi oddiy dorilar ham retseptsiz berilmayotganini aytib, tizim tarkibidagi dori-darmonlarni qayta ko‘rib chiqish kerakligini bildirishgan.

 

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 9

Barchasi

Mavzuga oid