Kambag‘allik chegarasi nega inflatsiyadan past indeksatsiya qilindi?
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2026-yilda ilk marotaba minimal iste’mol xarajatlari umumiy inflatsiyadan past bo‘lganini ma’lum qildi, ammo bu birinchi marta emas. 2025-yilda shunday holat bo‘lgan.

2026-yil uchun kambag‘allik chegarasini belgilaydigan minimal iste’mol xarajatlari inflatsiyadan past darajada oshirildi. Vaqt.uz muxbiri bu masala yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidan izoh so‘radi.
2025-yil fevral oyidagi indeksatsiyadan keyin to‘plangan inflatsiya kamida 7,5–8 foiz atrofida baholanmoqda. Shunga qaramasdan, minimal iste’mol xarajatlari atigi 6,88 foizga oshirildi.
Bu holat bozordagi narxlar tezroq o‘sib borayotgan bir paytda kambag‘allikni hisoblash uchun asos bo‘ladigan minimal chegara undan sekinroq oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakili Marat Jo‘rayevning ta’kidlashicha, minimal iste’mol xarajatlari har doim ham umumiy inflatsiya ko‘rsatkichiga teng bo‘lmaydi.
«Bu yil birinchi marta indeksatsiya minimal iste’mol xarajatlari bo‘yicha umumiy inflatsiyadan past bo‘ldi. Lekin avvalgi yillarda aksincha holatlar ham bo‘lgan. Masalan, 2023-yilda minimal iste’mol xarajatlari 14 foizga indeksatsiya qilingan, o‘sha yili inflatsiya 12,3 foiz bo‘lgan», — dedi Marat Jo‘rayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, minimal iste’mol xarajatlari umumiy inflatsiya emas, balki uning tarkibiy qismlari asosida hisoblanadi.
«MIXni hisoblashda inflatsiyaning uchta tarkibiy qismi — oziq-ovqat, nooziq-ovqat va xizmatlar narxlari inobatga olinadi. Bunda asosiy e’tibor oziq-ovqat savatiga qaratiladi. Shuning uchun indeksatsiya har doim umumiy inflatsiya darajasi bilan bir xil bo‘lmaydi», — deya izoh berdi vazirlik vakili.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil uchun minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘m etib belgilangan. Yillik hisobda kambag‘allik minimumi 7,7 foizga oshirilgan bo‘lsa, shu davrda rasmiy inflatsiya 9,9 foizni tashkil etgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ham bu holat ilk bor kuzatilmayotganini ta’kidladi.
«Afsuski, bu birinchi marta emas. Nafaqat 2026 yilda, balki 2025 yilda ham minimal iste’mol xarajatlari inflatsiyadan past darajada indeksatsiya qilingan», — dedi iqtisodchi.
Uning ta’kidlashicha, MIX joriy etilganidan buyon to‘plangan inflatsiya va indeksatsiya ko‘rsatkichlarini taqqoslash bu tendensiyani yaqqol ko‘rsatadi.
«Minimal iste’mol xarajatlarini oylab kechikib e’lon qilish esa allaqachon noxush an’anaga aylanib bo‘lgan», — deya qo‘shimcha qildi Bakirov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq minimal iste’mol xarajatlari hisob-kitobi va respublika bo‘yicha yagona mezon sifatida qo‘llash masalasi yuzasidan vazirlikdan izoh so‘ralganini ma’lum qilgan edik.
Teglar






