Yaqin Sharqdagi inqiroz va Yevropa: Rossiya gaziga qaytishning ikki sharti
AQSH va Norvegiya importiga tayanib qolgan Ko‘hna qit’a Yaqin Sharqdagi inqirozga tayyor emas edi. Muqobil manbalarning yo‘qligi va narxlarning keskin o‘sishi Yevropani eski hamkori — Rossiyaga qayta yuzlanishga majbur qilmoqda.

Yevropa Kreml tomonidan qo‘zg‘atilgan energetika inqirozidan endigina o‘ziga kelganida, navbatdagi zarbaga duch keldi. AQSHning Eron bilan urushi sababli dunyo neft va gaz ta’minotining qariyb 15 foizidan mahrum bo‘ldi. Taqchillikning oldini olish maqsadida Donald Tramp Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi. Yevropa Ittifoqida (YI) esa Rossiya nefti va gaziga nisbatan rejalashtirilgan to‘liq embargodan voz kechish kerakligi haqida fikrlar yangray boshladi.
Xo‘sh, Yevropa Rossiya bilan energetik aloqalarni uzish jarayonini to‘xtatib turishi va Kremlga Trampning Eron bilan urushi ortidan mo‘may daromad qilishga imkon berishi mumkinmi?
Urushning dastlabki 44 kunidayoq narxlarning oshishi YIga yoqilg‘i importi uchun qo‘shimcha 22 milliard yevro (kuniga o‘rtacha yarim milliard yevro) xarajatga tushdi. Avia yoqilg‘i taqchilligi sababli aviakompaniyalar parvozlar jadvalini qisqartirishga majbur bo‘lmoqda. Elektr energiyasi narxi ko‘z o‘ngimizda oshib bormoqda. Qimmatlashayotgan benzin va dizel esa aholi, kompaniyalar hamda davlat xazinasi daromadlariga jiddiy zarba berib, inflatsiyaning yangi to‘lqini va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishidan darak bermoqda.
Yangi inqirozga qarshi kurashish uchun Yevropaning ortiqcha mablag‘i yo‘q. Sababi, u dastlab pandemiya davrida, keyin esa Kremlning Ukrainaga bostirib kirishi arafasida va undan keyingi «gaz urushi» oqibatida yuzaga kelgan birinchi energetika inqirozida haddan tashqari ko‘p xarajat qilgan edi.
Yevropa Ittifoqi navbatdagi inqirozga qarshi reja ishlab chiqmoqda (u kelasi hafta taqdim etiladi). Ayni paytda qizg‘in bahs-munozaralar ham davom etyapti: qanday xato ketdi? Nega oldingi inqirozdan keyin qabul qilingan energetik xavfsizlikni himoya qilish rejasi Yevropani yangi balodan asrab qololmadi?
Ayrimlar bunga Germaniyaning yadro energetikasidan voz kechganini sabab qilib ko‘rsatsa, boshqalar iqtisodiyotni faolroq elektrlashtirish kerak edi, degan fikrda. Biroq Rossiya bilan bunchalik tez va keskin aloqalarni uzmaslik kerak edi, deb hisoblovchilar ham yo‘q emas.
Ukrainadagi urushga qadar Rossiya Yevropa Ittifoqiga — o‘zining eng yaqin va eng boy bozoriga energoresurslar yetkazib beruvchi eng yirik davlat edi. Bugunga kelib esa u ikkinchi darajada. YI Rossiya ko‘miri importidan darhol voz kechdi, gazni esa 2027 yil oxirigacha taqiqlaydi. Neftga nisbatan to‘liq embargo esa aprel oyi o‘rtalarida e’lon qilinishi rejalashtirilgan edi — biroq yangi inqiroz sababli bu qaror keyinga qoldirildi.
Yevropa yana Rossiyadan neft va gaz sotib olishga tayyormi?
Amaldorlar va siyosatchilar bu savolga bir ovozdan «Yo‘q, tayyor emas», deb javob bermoqda.
«Yangi inqiroz sharoitida ayrimlar Rossiyadan foydali qazilmalarni sotib olishga qaytishni taklif qilmoqda. Bu strategik xato bo‘lardi. Albatta, uzoq muddatli strategiyamizni amalga oshirishda biroz pragmatik va oqilona yo‘l tutish mumkin, biroq tanlangan asosiy yo‘nalishimiz to‘g‘ri» — dedi Eron urushi boshlanganidan so‘ng Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen.
Italiyaning eng yirik «Eni» energetika kompaniyasi rahbari Klaudio Deskalsi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish tarafdori bo‘lib chiqdi. U Yevropa Ittifoqini 2027 yilga belgilangan Rossiya gazidan to‘liq voz kechish rejasini keyinga qoldirishga chaqirdi.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni esa buni kutmaslikni aytdi:
«Deskalsining pozitsiyasi tushunarli. Ammo shuni unutmaslik kerakki, so‘nggi yillarda Rossiyaga nisbatan iqtisodiy bosim Ukrainada tinchlikka erishishning eng samarali quroli bo‘ldi», — dedi Meloni.
Yangi inqiroz — vaziyat qanchalik jiddiy?
Fors ko‘rfazidagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qamal qilinishi oqibatida jahon neft ta’minotining qariyb 12 foizi va gaz taklifining taxminan 17 foizi kamida bir yarim oyga to‘sib qo‘yildi.
Buning o‘rnini to‘liq bosadigan muqobil variant yo‘q. Ammo taqchillikni dunyodagi eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan AQSHdan yetkazib berish hajmini oshirish va strategik zaxiralardan neft sotish hisobiga qisman qoplash mumkin. Biroq bu vaqtinchalik chora bo‘lib, yo‘qotilgan hajmning ko‘pi bilan 10–20 foizinigina qoplay oladi, qolaversa, bu asosan gazga emas, balki neftga tegishlidir.
Bu Yevropa uchun juda yomon xabar. Chunki qit’a gaz va neft mahsulotlari, xususan, avia yoqilg‘i importiga qattiq qaram. Yevropa aviayoqilg‘ining taxminan uchdan bir qismini xorijdan sotib oladi va bu importning 75 foizi Yaqin Sharqdan keltirilar edi. Aviakompaniyalar allaqachon yoqilg‘ining real taqchilligiga duch kelib, parvozlar jadvalini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Xususan, Germaniyaning «Lufthansa» va Niderlandiyaning «KLM» aviakompaniyalari bo‘lajak reyslar bekor qilinishini e’lon qildi.
«Agar urush cho‘zilib ketsa, yozda chiptalar qimmatlashishi va reyslar bekor qilinishining real xavfi mavjud», — dedi Yevropa Ittifoqining energetika bo‘yicha komissari Dan Yorgensen «Financial Times» gazetasiga.
Inqiroz allaqachon avjiga chiqqan Osiyoga qaraganda Yevropa Yaqin Sharq resurslariga kamroq qaram bo‘lsa-da, vaziyat shu darajaga yetib keldi. «Bruegel» tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Norvegiya (30%) va AQSH (26%) Yevropa Ittifoqiga asosiy gaz yetkazib beruvchilar hisoblanadi.
Yevropaning import gaziga bo‘lgan ehtiyojining 12 foizini hamon Rossiya ta’minlamoqda. Uning teng yarmi Turkiya orqali quvurlar yordamida yetkazib berilsa, qolgan qismi Arktikadan kemalar orqali olib kelinadigan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) hisoblanadi. Qolgan ehtiyoj Jazoir (10%), Buyuk Britaniya va Ozarboyjon (har biri 4 foizdan) hissasiga to‘g‘ri keladi. Yaqin Sharq esa Qatar timsolida YIning gaz balansida atigi 4 foizlik, suyultirilgan gaz importida esa 8 foizlik ulushga ega.
«Shuning uchun, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli yuzaga kelgan 2022 yilgi energetika inqirozidan farqli o‘laroq, hozirgi urush Yevropa Ittifoqining gaz ta’minotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solmaydi», — deya ta’kidlaydi «Bruegel» ekspertlari (o‘sha paytda Yevropa gaz importining 40 foizdan ortig‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelar edi).
Biroq Yevropa gazni dunyo bozori narxlarida sotib oladi. Narxlar esa o‘sib bormoqda, chunki Eronning Qatardagi zavodga bergan zarbalari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishidan so‘ng dunyoda umumiy gaz hajmi kamaydi. Shunday qilib, jismoniy taqchillik bo‘lmagan taqdirda ham, Yevropa energetika inqirozini to‘liq his qilmoqda.
Rossiya Yevropaga yetkazib berish hajmini oshira oladimi?
Rossiya qit’aga neft yetkazib berishi mumkin, ammo ikkita shart bilan.
Birinchidan, YI uni sotib olishga faqatgina istisno tariqasida (Ukraina orqali o‘tuvchi «Drujba» quvuridan foydalanayotgan Vengriya va Slovakiya kabi) emas, balki ittifoqning barcha 27 ta davlatiga qayta ruxsat berishi kerak. Biroq quvur Rossiya zarbasidan so‘ng anchadan beri ta’mirlanmoqda va Yevropa Ittifoqining talablariga qaramay, Ukraina uni ishga tushirishga shoshilmayapti.
Ikkinchidan, neft eksportini oshirish uchun Rossiya Boltiq va Qora dengizdagi eksport terminallariga Ukraina dronlari tomonidan har kuni uyushtirilayotgan hujumlarga qarshi qandaydir chora ko‘rishiga to‘g‘ri keladi.
Hozircha har ikki shartni ham bajarib bo‘lmaydigandek ko‘rinmoqda. Gaz masalasida esa vaziyat yanada murakkab.
«Eron urushi Rossiya uchun strategik g‘alabaga aylanishi ehtimoldan yiroq. U narxlarning o‘sishi va taqchillik orqali biroz daromad ko‘rishi mumkin. Ammo Rossiya jahon bozoridagi uzilishlardan doimiy foyda olish mexanizmidan mahrum bo‘lgan», — deya ta’kidlaydi Rossiya energetikasi bo‘yicha ekspertlar Tatyana Mitrova va Fyodor Dmitrenko.
Bu mexanizm Ukrainaga qarshi urush oqibatida yo‘q qilindi. Urushga qadar Kreml asosiy energoresurslar yetkazib beruvchi sifatida Yevropani o‘z jilovida qattiq ushlab turar edi. Bosqindan keyin Rossiya bu bosim o‘tkazish dastagini bir umrga yo‘qotdi, deya ta’kidlaydi ekspertlar.
«Rossiya gazining Yevropaga qaytishi masalasi hamon muntazam ravishda ko‘tarilib turibdi. Garchi cheklangan hajmda yetkazib berishni qayta tiklash mumkin bo‘lsa-da, bu avvalgi tizimni qayta tiklash bilan umuman bir xil narsa emas», — deb yozadi ular Amerikaning «National Interest» nashri uchun yozgan maqolasida.
Tahlilchilarga ko‘ra, 2000–2010 yillardagi holatga qaytishning iloji yo‘q: «Agar Rossiya gazi Yevropaga qaytsa ham, u faqat cheklangan hajmlarda va qit’a gaz balansining asosiy negizi sifatida emas, balki siyosiy vaziyatga bog‘liq bo‘lgan oddiy qo‘shimcha sifatida qaytadi».





