Logo

Yer shari yaqin orada xavfsiz harorat chegarasidan chiqib ketadi

Bugun 08:002 daqiqa

Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyo iqlim o‘zgarishini to‘xtatishda avvalgi maqsadlarga erisha olmaganini tan oldi.

Yer shari yaqin orada xavfsiz harorat chegarasidan chiqib ketadi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Yer 2015 yilda qabul qilingan Parij iqlim kelishuvida belgilangan xavfli harorat chegarasiga tobora yaqinlashmoqda. BMT global haroratni xavfsiz darajaga qaytarish uchun hali ham imkon borligini ta’kidlamoqda. Bu haqda «Associated Press» agentligi xabar berdi.

«Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi strategik chekinish fonida BMT insoniyat global isishning eng og‘ir oqibatlaridan ayrimlarini bartaraf etish imkoniyatini boy berganini tan oldi. Shu bois, endilikda dunyo hamjamiyati haroratni xavfli darajadan pasaytirish va uni yana xavfsiz me’yorga qaytarish yo‘llarini topishi zarur», — deb yozadi agentlik.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, BMTning atrof-muhitga oid yangi hisobotida sayyoradagi global isishning asosiy sababi hanuzgacha ko‘mir, neft va gaz kabi qazib olinadigan yoqilg‘ilardan foydalanish bo‘lib qolayotgani qayd etilgan.

BMT xulosasiga ko‘ra, Yer iqlim o‘zgarishining eng og‘ir oqibatlaridan ba’zilarini chetlab o‘tish imkoniyatini yo‘qotgan. Biroq bu isishni jilovlashga qaratilgan harakatlarni to‘xtatish kerakligini anglatmaydi.

«Taslim bo‘lish o‘rniga, olimlar va BMT vakillari avvalo keskin isishning oldini olishga, so‘ngra haroratni kelishilgan me’yorgacha tushirishga urinib ko‘rishni tavsiya qilmoqda. Ammo bu baribir ob-havo bilan bog‘liq tabiiy ofatlarning ko‘payishi, dengiz sathi ko‘tarilishi, ba’zi turlarning qirilib ketishi hamda muzliklarning erishi kabi jarayonlarning o‘nlab yillar davom etishini anglatadi», — deya ta’kidlaydi agentlik.

«Insoniyat iqlim halokatidan qutulib qolish mumkin bo‘lgan chegaradan ham o‘tib ketmoqda», — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Haddan tashqari isish davri ortda qolgach, yangi strategiyaga muvofiq, qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanishni to‘xtatish va sanoat chiqindisi bo‘lgan karbonat angidrid gazini havodan so‘rib oluvchi maxsus texnologiyalarni ishlab chiqish orqali haroratni xavfsiz chegaragacha tushirish ko‘zda tutilgan.

«Bu haqiqiy sinovdir. Biz mana shunday isib borayotgan dunyoda yashashga majburmiz. Ammo isish sur’atini cheklash uchun hali ham ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz mumkin», — dedi hisobot hammuallifi, Ekseter universiteti iqlimshunosi Richard Betts.

Eslatib o‘tamiz, Jahon meteorologiya tashkiloti 2030 yilgacha yangi harorat rekordi o‘rnatilishi ehtimolini 86 foiz deb baholamoqda. Bunday keskin isishga «El-Nino» tabiiy hodisasi va atmosferaga chiqarilayotgan karbonat angidrid gazlari asosiy sabab bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid

Yer shari yaqin orada xavfsiz harorat chegarasidan chiqib ketadi | Vaqt.uz