Logo

YI Rossiya banklari, «soya floti» va onlayn savdo platformalariga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etdi

Bugun 19:274 daqiqa

«Qora ro‘yxat»ga 49 ta bank va moliya muassasasi, yirik neftni qayta ishlash zavodlari hamda xomashyo savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar kiritildi. Sanksiyaga uchraganlar orasida «Wildberries» asoschisi va «Yandex» aksiyadori ham bor.

YI Rossiya banklari, «soya floti» va onlayn savdo platformalariga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etdi © Foto: РИА Новости

16-noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirishda ishtirok etgani uchun Rossiyaning 12 fuqarosi hamda Rossiya va boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan 101 ta tashkilotga nisbatan sanksiyalar joriy etishni ma’qulladi. Yangi sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning 49 ta banki va moliya muassasasi, yirik neftni qayta ishlash zavodlari hamda xomashyo savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar kiritildi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan barcha 113 nafar jismoniy va yuridik shaxsning Yevropa Ittifoqi hududidagi aktivlari muzlatiladi. Yevropa fuqarolari va kompaniyalariga ularga bevosita yoki bilvosita pul hamda boshqa resurslarni berish taqiqlanadi. Shuningdek, ro‘yxatga kiritilgan 12 nafar jismoniy shaxsning Yevropa Ittifoqiga kirishi taqiqlandi.

«Rossiyaning bank sektoriga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich kuchaytirish va kengaytirish orqali Yevropa Ittifoqi Rossiya davlat daromadlari kelib tushadigan hamda harbiy harakatlar moliyalashtiriladigan moliyaviy kanallarni yopmoqda», — deyiladi Yevropa Ittifoqi Kengashi bayonotida.

Sanksiyaga uchragan jismoniy shaxslar orasida Rossiyaning eng yirik onlayn savdo platformalari rahbarlari va hammuassislari ham bor. Bular «Wildberries» asoschisi Tatyana Kim hamda «Ozon» kompaniyasining eng yirik ulush egasi va «Yandex» aksiyadori Aleksandr Chachavadir. Yevropa Ittifoqi hujjatida «Wildberries» va «Ozon» Rossiya armiyasi uchun ta’minot tarmoqlari sifatida faoliyat yuritishi, harbiy va ikki maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan tovarlarni sotishi qayd etilgan.

Shuningdek, Rossiyadagi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning o‘g‘li, tadbirkor Sergey Matviyenko ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Unga tegishli qurilish va infratuzilma kompaniyalari asosan davlat buyurtmalari asosida ishlaydi. Cheklovlar 2026-yilning iyun oyida sanksiyaga uchragan «Yujuralzoloto» (hozirgi BTS-Gold) oltin qazib olish kompaniyasining asosiy aksiyadoriga aylangan milliarder Ruslan Baysarovga ham taalluqli bo‘ldi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning neft va dengiz transporti sohasidagi kompaniyalari rahbarlari hamda egalari — Igor Konfino, Daniil Mosin va Sergey Gribga nisbatan ham sanksiyalar joriy etdi. Ular Rossiyaning «Sovkomflot» kompaniyasi bilan bog‘liq «soya floti» kemalariga egalik qiluvchi kompaniyalarni boshqaradi.

101 ta kompaniya va tashkilot orasida eng katta guruhni Rossiyaning 49 ta moliya muassasasi tashkil etdi. Ularning 47 tasi tijorat banklari, ikkitasi esa nobank kredit tashkilotlari — «YuMoney» va «Peterburg hisob-kitob markazi» hisoblanadi. Xususan, ro‘yxatga qurol savdosi bo‘yicha davlat monopolisti «Rosoboroneksport»ga tegishli «RFK-Bank», unga qarashli «Timer Bank», «Sberbank»ka tegishli «YuMoney» to‘lov xizmati (sobiq «Yandeks.Dengi»), transchegaraviy pul o‘tkazmalari platformasi «dengi.ru» bilan ishlaydigan «Bank 131», «Yunistrim», «Peterburg hisob-kitob markazi», «SPB Bank», «GUTA-BANK», «Alef-Bank», «Morskoy Bank», «Bank Zarechye» va «Selmashbank» kiritildi.

Yevropa Ittifoqi Kengashi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu 49 ta moliya muassasasining katta qismi Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotgan rossiyalik harbiylarga kredit to‘lovlarini kechiktirish imkoniyatini beradi, «raqamli rubl» loyihasining sinov bosqichida qatnashadi yoki Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan kriptografiya faoliyati bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziyalarga ega.

Shuningdek, sanksiyalar Rossiyaning neftni qayta ishlash, neft qazib olish va gaz sohasida faoliyat yurituvchi 27 ta kompaniyasiga ham joriy etildi. Ular orasida «Gazprom neftexim Salavat», «Kirishinefteorgsintez» (KINEF), «Gazprom neft» kompaniyasining Moskva va Omsk neftni qayta ishlash zavodlari, «TAIF-NK», «Orsknefteorgsintez», Saratov, Ilsk, Novoshaxtinsk va Xabarovsk neftni qayta ishlash zavodlari bor.

Bundan tashqari, «Peterburg neft terminali», «Tatneft» tarkibidagi kompaniyalar, «NNK-Oyl» hamda Ust-Luga hududidagi gaz majmuasi — «Rusximalyans», «Rusgazdobicha» va «Ust-Luga» zonasini boshqaruvchi kompaniya ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

Ro‘yxatdan sanoat korxonalari ham joy oldi. Jumladan, Yekaterinburg rangli metallarni qayta ishlash zavodi (YeZOSM) va Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida cho‘yan, po‘lat hamda ferroqotishmalar ishlab chiqaruvchi «Janubiy kon-metallurgiya majmuasi Donetsk» (YUGMK) kompaniyasiga qarshi ham cheklovlar joriy etildi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi «soya floti»ga tegishli tankerlarning egalari, ularni boshqaruvchi, moliyalashtiruvchi yoki sug‘urtalovchi 15 ta kompaniyaga ham sanksiyalar kiritdi. Ulardan 11 tasi Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Seyshel orollari va Gonkongda, qolgan to‘rttasi esa Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan. Sanksiyalar ro‘yxatini Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan «ALT CAPITAL PTE LTD» fintex kompaniyasi yakunlaydi. Uning «Glider» onlayn platformasi Yevropa Ittifoqining eksport cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam berishi qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid