4 ta tumanning 17,2 ming gektar yeri Samarqand shahriga beriladi
Ma’muriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumani tugatiladi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaSamarqand viloyatidagi 4 ta tumandan jami 17 226,5 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda. Bu haqda Senatning 8-avgust kuni bo‘lib o‘tgan 18-yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ma’muriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumanini tugatish va 28 ming 295 gektar yer maydonini Toyloq tumaniga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. O‘tkazilayotgan 6263 gektar yer maydonining toifalari o‘zgartirilmasdan saqlanmoqda.
Senatorlar viloyat chegaralarining o‘zgartirilishi Samarqand shahrining me’moriy qiyofasini yaxshilash, xorijiy va mahalliy investorlar uchun shaharning jozibadorligini oshirish, turizm salohiyatidan samarali foydalanish uchun imkoniyat yaratish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni ta’minlash, shuningdek, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, Samarqand tumanining 13 ming 308 gektar, Oqdaryo tumanining 1410,6 gektar, Toyloq tumanining 1265,6 gektar va Past Darg‘om tumanining 1242,3 gektar hududida viloyat markazi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Amaliyotda 4 yo‘lakli turarjoy binosining ikkita yo‘lagi Samarqand tumaniga, qolgan ikkitasi shahar hududiga to‘g‘ri kelib qolishi oqibatida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib bo‘lmaslik yoki tumanda joylashgan uyning kommunal xizmatlarni boshqa hududdan olishi kabi holatlar ko‘p uchragan. Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, chegaralarning qayta ko‘rib chiqilishi shu vaqtgacha aholini qiynab kelgan kadastr va kommunal xizmatlardagi muammolarga barham beradi.





