Logo

O‘zbekistonda arzon dron-interseptor ixtiro qilindi

Kecha 16:342 daqiqa

An’anaviy havo mudofaasi raketa tizimlarining bir donasi 2–5 million dollar atrofida baholansa, yangi dron-interseptor 40–100 baravar arzon. U 10 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi havo nishonlarini yo‘q qila oladi.

O‘zbekistonda arzon dron-interseptor ixtiro qilindi

O‘zbekistonda xavfli dronlarni aniqlash va zararsizlantirish uchun mo‘ljallangan «Shunqor-88» tutib oluvchi droni ishlab chiqildi. Bu haqda «inbusiness.kz» xabar berdi.

Loyiha «Kelajak muhandislari» tanlovi doirasida yaratilgan. Uning muallifi Bilolxon Ismoilovning ma’lumotlariga ko‘ra, «Shunqor-88» soatiga 450 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi va dronlarni 8–10 kilometr masofadan turib urib tushirishi mumkin. Dron havo hududini himoya qilish uchun ishlatilishi rejalashtirilmoqda. U havoda 10–15 daqiqa parvoz qila oladi.

Ishlab chiquvchilar ushbu loyihaning asosiy afzalliklaridan biri sifatida uning narxini ko‘rsatmoqda. Ularning bahosiga ko‘ra, bitta «Shunqor-88»ni ishlab chiqarish 20–50 ming dollar turishi mumkin. Taqqoslash uchun, ishlab chiquvchilar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bitta havo mudofaasi raketasining narxi 2–5 million dollar atrofida. Shunday qilib, yangi ixtiro dronlarga qarshi kurashishning ancha arzon vositasi sifatida taqdim etilmoqda. Qurilmaning taxminan 45 foizi mahalliylashtirilgan.

Dronning ishlash prinsipiga ko‘ra, radarlar orqali aniqlangan ma’lumotlar operatorga uzatiladi. Operator dronni nishon tomon yo‘naltirib, kinetik yoki portlovchi modda yordamida havodagi nishonni yo‘q qiladi.

Mualliflarning aytishicha, «Shunqor-88» Chirchiq, Aranchi va Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on poligonlarida bir necha marta sinovdan o‘tkazilgan.

Qolaversa, loyiha 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyevga ham taqdim etilgan. Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari loyihani yuqori baholab, uning amaliyotda qo‘llanilishi va buyurtmasiz qolmasligi yuzasidan mutasaddilarga topshiriq bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev urushlar fonida O‘zbekistonning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha topshiriq bergandi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda arzon dron-interseptor ixtiro qilindi | Vaqt.uz