O‘zbekiston 9 oyda 44,1 mlrd dollar xorijiy investitsiya va kredit jalb qildi
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 5,9 mlrd dollar bo‘lgan loyihalar amalga oshirildi. Vazirlik ushbu loyihalar natijasida 134,7 mingta yangi ish o‘rni yaratilganini aytdi.
© Money OnlinerO‘zbekiston 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida o‘tgan yil davomida jalb qilinganidan ham ko‘proq xorijiy mablag‘larni o‘zlashtirdi. Bu davrda yirik investitsiya loyihalari ishga tushirilib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
O‘zbekiston 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida 44,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va kredit jalb qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning butun davomida jalb qilingan mablag‘lar miqdoridan ham ko‘p.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan shu hafta parlamentga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jalb qilingan mablag‘larning 32,6 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Hukumat 2025-yil davomida O‘zbekistonga jami 43,1 milliard dollar xorijiy investitsiya va boshqa mablag‘lar jalb qilinganini ma’lum qilgan edi.
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida milliy investitsiya dasturi doirasida strategik ahamiyatga ega 106 ta yirik loyiha ishga tushirildi.
Shuningdek, hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 70,8 trillion so‘m (5,9 milliard dollar) bo‘lgan loyihalar amalga oshirildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu loyihalar natijasida 134,7 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Ushbu raqamlar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining xarajatlari hamda davlat tomonidan belgilangan investitsiya maqsadlarining bajarilishi yuzasidan parlamentda o‘tkazilgan muhokama davomida ko‘rib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb qilishga harakat qilmoqda. Mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiyotning bir qator sohalari chet el kompaniyalari uchun ochilmoqda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, eksportni kengaytirish maqsadida moliyaviy yordam olayotgan korxonalar soni ham oshgan. Xususan, bunday korxonalar soni 746 tadan 1232 taga yetgan.
Hisobot davrida 40 ta korxona birinchi marta mahsulotlarini xorijga eksport qilishni boshlagan, yana 11 ta korxona yangi tashqi bozorlarga kirib borgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonning 12 ta brendi xalqaro bozorlarda o‘z faoliyatini kengaytirgan.
Eksportni boshlashga tayyorlanayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 163,7 million dollar mablag‘ ajratilgan.
O‘zbekistondagi bu ko‘rsatkichlar jahon miqyosida xorijiy investitsiyalar hajmi tiklanayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida dunyo bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2025-yildagi o‘rtacha yarim yillik ko‘rsatkichga nisbatan 37 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning 12 ta startapi oktabrda 1,5 million dollardan ortiq investitsiya jalb qilgandi.





