1-avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?
2026-yilning 1-avgustidan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida iqtisodiyot, ekologiya, sud-huquq va tadbirkorlik sohalarini qamrab oluvchi bir qator muhim o‘zgarishlar va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida ushbu o‘zgarishlarning har biriga batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Toshkent va uning atrofidagi issiqxonalarga gaz yetkazib berish to‘xtatiladi
Atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida joylashgan issiqxonalar faoliyatiga jiddiy cheklovlar kiritilmoqda. Xususan, 1-avgustdan boshlab ushbu hududlardagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi va avval tuzilgan shartnomalar bekor qilinadi.
Amaldagi issiqxonalarga nisbatan ham talablar keskin kuchaytiriladi. Ular tomonidan iste’mol qilinadigan suv resurslari uchun soliq stavkasi sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tariflarning 5 baravari miqdorida hisoblanadi. Agar issiqxonalarda ko‘mir, shina, mazut, rezina, sintetik karton kabi atrof-muhitni ifloslantiruvchi materiallar yoqilsa, ularga nisbatan qo‘llaniladigan kompensatsiya to‘lovlari 20 baravarga oshirilgan holda undiriladi va ekologik ekspertiza xulosasi qayta ko‘rib chiqiladi.
Tadbirkorlar himoyasi: «Biznes himoya» QR-kodi ishga tushadi
Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash maqsadida 1-avgustdan boshlab davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqot va tekshiruvlar to‘liq raqamlashtiriladi. Barcha tekshiruvlar (jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi) «Yagona davlat nazorati» tizimida ro‘yxatga olinishi shart va “Biznes himoya” QR-kodi joriy etiladi.
Nazoratchilar tekshiruvdan oldin tadbirkordagi maxsus QR-kodni skanerlashi majburiy bo‘ladi. Qog‘oz shaklidagi Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini so‘rash va guvohnomalarni qog‘oz ko‘rinishida ko‘rsatish tartibi bekor qilinadi. Agar nazoratchi tekshiruvni tizimda qayd etmasa, tadbirkor davlat xizmatchisini o‘z hududiga kiritmaslik va muloqotga kirishmaslik huquqiga ega bo‘ladi.
Mehnat nizolari bo‘yicha alohida sudyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning amaldagi shtat birliklari doirasida faqat mehnat nizolarini ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan sudyalar korpusi tashkil etilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida 4 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida 3 nafardan ixtisoslashgan sudyalar ish boshlaydi.
Shuningdek, Nukus, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Namangan, Termiz, Farg‘ona, Urganch kabi tumanlararo sudlarida ham 1-2 nafardan shunday sudyalar ajratiladi. 1-avgustdan keyin sudlarga kelib tushgan mehnat nizolariga oid barcha arizalar faqatgina ushbu ixtisoslashgan sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi.
Kamyob hayvonlarni ovlash taqiqlanadi (Moratoriy)
1-avgustdan 2028 yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan 66 turdagi yovvoyi hayvonlarni ov qilish qat’iyan taqiqlanadi. Ushbu ro‘yxatga qoplon, sirtlon, qor qoploni, Turkiston silovsini, Buxoro bug‘usi, bo‘rsiq va jayra kabi jonivorlar kiritilgan.
Ushbu cheklov maxsus fermalar, pitomniklar, inkubatorlar hamda ilmiy-tibbiy maqsadlarda yetishtirilayotgan hayvonlarga tatbiq etilmaydi. Ovchilar uchun muqobil mashg‘ulot sifatida o‘q otish sportiga ixtisoslashtirilgan mashq poligonlarida maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Xavfsizlik qoidabuzarliklari haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalari buzilishi holatlari bo‘yicha jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. 1-avgustdan boshlab xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi qoidabuzarliklar haqida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga foto va video materiallar orqali xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.
Xabar beruvchiga huquqbuzardan undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida pul mukofoti to‘lanadi. Buning uchun taqdim etiladigan materialda huquqbuzarlikning mohiyati, geolokatsiya (manzil), sana va vaqt aniq aks etgan bo‘lishi lozim.
Soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi
Soliq xizmatlari sifatini baholash maqsadida 1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi.
Ushbu indeks orqali soliq to‘lovchilar soliq xizmatlarining qulayligi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorlik darajasini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Fitosanitar nazorat tizimida jamoatchi inspektorlar ish boshlaydi
Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini soddalashtirish hamda fitosanitar nazoratni takomillashtirish uchun tizimda jamoatchi inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, «E-Fitouz» elektron portali orqali karantindagi mahsulotlar nazoratida xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi ishga tushadi.
Izmir va Toshkent o‘rtasida muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yiladi
Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi 1-avgustdan boshlab Izmir – Toshkent – Izmir yo‘nalishida ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Reyslar haftasiga 4-marta 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737-800 samolyotlarida amalga oshiriladi.
1-avgustdan kuchga kiradigan boshqa muhim o‘zgarishlar:
– Jarima maydonchalaridan transportni chiqarish tizimi elektronlashadi: Transport vositalarini saqlash joylaridan (jarima maydonchalaridan) chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnoma berishning eskicha qog‘oz shakli bekor qilinadi. Endilikda bu ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR-kod bilan tasdiqlash orqali elektron tarzda beriladi va yuboriladi.
– So‘x tumanidagi shifokorlarga 2 mln so‘mlik ustama to‘lanadi: Farg‘ona viloyatining So‘x tumani markaziy shifoxonasi va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, mazkur muassasalarda ishlayotgan shifokorlarning oylik maoshiga (1,0 stavka hisob-kitobidan kelib chiqib) har oy qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida kafolatlangan ustama belgilanadi.
– Bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun soliq imtiyozi beriladi: Suv resurslaridan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan sanoatlashgan bog‘larda burg‘ilangan quduqlardan olingan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi keskin kamaytiriladi. Ushbu stavka besh yil muddatga bor-yo‘g‘i 1 so‘m miqdorida belgilanadi.
– Arxiv tizimi to‘liq raqamlashtiriladi: Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishiga oid barcha ma’lumotlari va hujjatlari faqat elektron Arxiv axborot tizimida shakllantiriladi va yuritiladi (davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bundan mustasno). Shuningdek, ayrim davlat arxivlari funksiyalari to‘liq raqamlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
– Baliqchilik xo‘jaliklari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi: 2030 yil 1-avgustga qadar baliqchilik xo‘jaliklariga Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rsatiladi. Bu orqali tarmoqni yanada rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsad qilingan.





