add

1-dekabrdan O‘zbekistonda AI-80 benzini sotuvi to‘xtatiladi

Bugun 22:002152 Daqiqa

Prezident qaroriga muvofiq, kelasi oydan AI-80 benzini sotilmaydi. Shuningdek, havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan yangi talablar joriy etiladi.

1-dekabrdan O‘zbekistonda AI-80 benzini sotuvi to‘xtatiladi

O‘zbekistonda 2025-yil 1-dekabrdan boshlab AI-80 benzini sotuvi to‘xtatiladi. Prezidentning 18-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, aholini sifatli va ekologik toza yonilg‘i bilan ta’minlash maqsadida AYQSHlarda ushbu turdagi benzin realizatsiyasi qat’iy nazorat ostida to‘xtatiladi. Bu vazifa Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalinishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Ekologiya qo‘mitasiga yuklatilgan.

Shuningdek, hujjatda ekologiya siyosati bo‘yicha bir qator yangi chora-tadbirlar ham belgilab berildi. Jumladan, Toshkentda yuk tashuvchi transport harakati tig‘iz vaqtlarda cheklanadi.

Qurilish ob’ektlarida esa ishlar boshlanishidan oldin fon monitoring stansiyalari va onlayn kameralar o‘rnatilishi shart bo‘ladi. Ushbu talablar «Qurilishda ekologik faoliyat standarti» orqali tartibga solinadi.

Shuningdek, 2026-yil apreliga qadar shamol yo‘nalishi va tezligini hisobga olgan holda qurilishni rejalashtirish standarti ishlab chiqiladi.

Bino va inshootlarni joylashtirishda shamol o‘tishi, havo aylanishi va ekologik ta’sir darajasi asosiy mezonlardan biriga aylanadi. O‘zgidrometga Toshkent shahrida shamol yo‘nalishini muntazam o‘rganib, ma’lumotlarni ommaga yetkazib borish vazifasi yuklatildi.

Qarorda issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan. Gaz tarmoqlarining texnik holati o‘rganiladi, mavjud quvvatlar tahlil qilinadi va energiya tejamkor tizimlar joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, mazut kabi yuqori ifloslantiruvchi yonilg‘idan foydalanishni cheklashga qaratilgan qonunchilik o‘zgarishlari tayyorlanadi.

Yil oxirigacha «Yashil Toshkent» ishchi guruhi tuzilib, poytaxtda ko‘kalamzorlashtirish, yashil hududlar maydonini oshirish va zamonaviy landshaft infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtiradi. Toshkent shahar o‘rmon xo‘jaligini tuzish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ham tayyorlanadi.

Dasturda respublika bo‘ylab 18 ta dendrologiya va 15 ta botanika bog‘ni tashkil etish, sanitariya kesishlari bo‘yicha qarorlarni kollegial tartibda qabul qilish, «Yashil hudud» muassasasi faoliyatini takomillashtirish kabi vazifalar ham belgilangan. Bundan tashqari, yagona ekologik onlayn platforma yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident qarori bilan Ekologiya vazirligi hukumat tarkibidan chiqarilib, mustaqil qo‘mitaga aylantirilgan edi. Qo‘mita huzurida esa Ekopolitsiya tashkil etildi va unga maxsus vakolatlar berildi.

Teglar

Mavzuga oid

1-dekabrdan O‘zbekistonda AI-80 benzini sotuvi to‘xtatiladi | Vaqt.uz