
1-fevraldan gaz va elektr uchun subsidiyani onlayn olish mumkin
Oila tasarrufida ikki yoki undan ortiq avtomobil, ikki yoki undan ortiq ko‘chmas mulk yoki yer uchastkalari mavjud bo‘lsa to‘lov rad etiladi.

2026 yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi xarajatlari uchun subsidiya olish tartibi soddalashtiriladi. Endilikda muhtoj aholi kompensatsiyaga onlayn murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31-dekabrda qabul qilingan qarori bilan belgilandi.
Qarorga muvofiq, elektr va gazni ijtimoiy norma doirasida hamda limitdan ortiq iste’mol qilishda tariflar o‘rtasidagi farqni qoplash mexanizmi joriy etiladi. Avval subsidiya uchun faqat «Inson» markazlari orqali murojaat qilish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, yangi tartibda fuqarolar arizani mustaqil ravishda ham topshirishi mumkin.
Murojaatlar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, davlat xizmatlari markazlari yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali qabul qilinadi. Arizalar har oyning 16-kuniga qadar qabul qilinib, «Yagona reyestr» orqali avtomatik tarzda ko‘rib chiqiladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar subsidiya oluvchi sifatida avtomatik tan olinadi. Shuningdek, bir kishi hisobidagi daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan kam bo‘lgan, kam ta’minlangan yoki davlat ta’minotidagi oilalar ham kompensatsiya olish huquqiga ega.
Biroq ayrim holatlarda subsidiya tayinlanmaydi. Jumladan, oila tasarrufida ikki yoki undan ortiq avtomobil, ikki yoki undan ortiq ko‘chmas mulk yoki yer uchastkalari mavjud bo‘lsa, shuningdek, yaqin yillarda ishlab chiqarilgan texnika vositalari bor bo‘lsa, to‘lov rad etiladi.
Kompensatsiya mablag‘lari oyning 27-kuniga qadar fuqarolarning bank yoki ijtimoiy kartalariga o‘tkaziladi. Mazkur to‘lovlar 2024 yil bahorida tariflar oshirilishi ortidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan.





