add

1 mlrd so‘mlik texnik xatolik uchun HETga chora ko‘rildi

Bugun 12:552082

«Hududiy elektr tarmoqlari» Toshkentdagi bir korxonaga elektr energiyasi uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad hisoblagan. Raqobat qo‘mitasi HETga asossiz hisoblangan daromadni iste’molchiga qayta hisob-kitob qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

1 mlrd so‘mlik texnik xatolik uchun HETga chora ko‘rildi

Toshkent shahrida aloqa sohasida faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning «Energiyasavdo» filiali harakatlaridan norozi bo‘lib qo‘mitaga murojaat qilgan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent shahridagi aloqa sohasida faoliyat yurituvchi korxona murojaati asosida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning «Energiyasavdo» filiali faoliyatini tekshirgan.

O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, hisobga olish uskunasi to‘g‘ri o‘rnatilganiga qaramasdan, uning ikkilamchi zanjirlari xatolik bilan almashtirilgan. Bu texnik nuqson sababli iste’molchiga oxirgi uch yil davomida 1 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha to‘lov hisoblangan. Shu bilan birga, mazkur xatolik yangi qoidalarda nazarda tutilgan bo‘lsa-da, eski tahrirdagi «elektr energiyasidan foydalanish qoidalari»da qayd etilmagani aniqlangan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu holat «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 18-moddasida belgilangan ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatiga kiradi. Ya’ni narxni asossiz oshirish yoki ortiqcha haq undirish raqobatni cheklash deb baholanadi va qonun bilan taqiqlanadi.

Shu asosda hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Energiyasavdo» filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ish yakunlari bo‘yicha iste’molchiga 1 mlrd 97 mln so‘m asossiz hisoblangan daromadni qayta hisoblash, qonun buzilishini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ko‘rsatma berildi.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, qaror va ko‘rsatmalardan norozi bo‘lgan tomonlar Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xatolik sabab 2 dona qalampirning narxi 2 mlrd so‘mga aylanganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid