
1 oktyabrdan moped va skuterlarga avtoraqam taqiladi va haydovchilik guvohnomasi bilan boshqariladi
17.09.2025 | 08:4023513
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ro‘yxat va huquqsiz haydovchilarga nisbatan qat’iy cheklovlar qo‘llanishini eslatdi.

O‘zbekistonda 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab moped va skuterlarni boshqarish uchun majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va «A» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab qilinadi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rasman eslatma berdi.
Avvalroq, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 12 apreldagi 224-sonli qarori bilan ushbu talablarni amalga oshirish muddati 30 sentyabrgacha uzaytirilgan edi. Endi esa ushbu sanadan keyin ro‘yxatdan o‘tkazilmagan va guvohnomasiz transport vositalarini boshqarish qonunga zid hisoblanadi.
«Fuqarolarni belgilangan muddatgacha moped va skuterlarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish hamda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqirib qolamiz», — deyiladi YHXX xizmati bayonotida.
Ma’lumot o‘rnida, 2024 yil iyul oyidan O‘zbekistonda moped va skuterlar uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiy bo‘lgan. Bu tartib hukumat qaroriga asosan joriy etilgan va uning ijrosini ta’minlash uchun 2024 yil 26 dekabrdan boshlab maxsus raqamli davlat nomerlari berilish boshlangan edi.
Endi ushbu transport vositalari ishtirokida sodir bo‘ladigan huquqbuzarliklar, avariyalar va boshqa holatlar to‘liq davlat nazoratida bo‘ladi. Bu esa yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va fuqarolar hayotini himoya qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.





