
1 yanvardan boshlab tajribasiz davlat xizmatchisi bilan vaqtincha mehnat shartnomasi tuziladi
20.06.2025 | 16:0039774
2026 yildan boshlab davlat xizmatiga qabul qilingan xodimlar uchun yangi shartlar belgilanmoqda: vaqtincha mehnat shartnomasi, majburiy kurslar va IQ darajagacha qamrab olgan bilim diagnostikasi asosida faoliyat baholanadi.

Prezident farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan shaxslar bilan mehnat shartnomasi avvalgiday nomuayyan emas, balki avval bir yillik muddatga tuziladi. Faqat faoliyatning ijobiy natijalariga ko‘ra, mazkur shartnoma nomuayyan muddatga uzaytiriladi.
Shuningdek, har bir yangi xizmatchi maxsus «Davlat xizmatiga kirish» kurslarini o‘tashi shart qilinadi. Keyinchalik esa ular har uch yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslarida ishtirok etishi kerak bo‘ladi. Ushbu kurslarning yakunlari bo‘yicha xizmatchilar nazariy bilim va ko‘nikmalari bo‘yicha diagnostikadan o‘tkaziladi.
Diagnostika jarayonida xizmatchilarning sohaviy bilimlari, hujjat tuzish ko‘nikmalari, davlat tilida ish yuritish, tahlil qilish, rahbarlik va muloqot mahorati, kompyuter savodxonligi, qonunchilikdagi yangiliklar, O‘zbekiston tarixi, xorijiy tillar bo‘yicha bilimi, umumiy eruditsiyasi va intellektuallik koeffitsiyenti (IQ) baholanadi.
Diagnostika natijalari va faoliyat samaradorligi bo‘yicha KPI ko‘rsatkichlari onlayn monitoring tizimida to‘planib, tahlil qilinadi. Ushbu tahlillar asosida har bir xizmatchi uchun individual rivojlanish xaritasi — portfoliosi tuziladi. Xaritaga ko‘ra, xizmatchi o‘zining “qattiq” va “yumshoq” ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun majburiy malaka oshirish kurslarini va mustaqil ta’lim dasturlarini o‘tashi shart bo‘ladi.
Shu bilan birga, vazirlik va idoralar davlat xizmatchilarini xorijda o‘qitish, tayyorlash va stajirovkaga yuborishga oid barcha tadbirlarni Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishgan holda amalga oshirishi shart qilib qo‘yilgan. Bu talab xalqaro grantlar va donor mablag‘lari orqali amalga oshiriladigan loyihalarga ham taalluqlidir.





