add

10 ming qadam — reklama, 7 ming qadam — sog‘liq uchun haqiqiy foyda

25.07.2025 | 14:0034283

Kunlik 7 ming qadam yurish inson organizmi uchun katta foyda beradi. Bu demensiya, depressiya va diabet xavfini keskin kamaytiradi. 10 ming qadam bo‘yicha keng tarqalgan tavsiya esa ilmiy emas, balki marketingga asoslangan.

10 ming qadam — reklama, 7 ming qadam — sog‘liq uchun haqiqiy foyda
The Lancet Public Health jurnalida e’lon qilingan xalqaro tadqiqotga ko‘ra, har kuni 7000 qadam yurgan odamlarda erta o‘lim xavfi 2000 qadam yuradiganlarga nisbatan qariyb ikki barobar kamroq. Ushbu faollik shakli bir soatcha yurishga to‘g‘ri keladi va sog‘liqqa ko‘plab ijobiy ta’sirlar ko‘rsatadi, deb yozmoqda Deutsche Welle. Ma’lumotlarga ko‘ra, 7000 qadam kunida yurish demensiya rivojlanish xavfini 38 foizga, depressiyani 22 foizga va diabetni 14 foizga kamaytiradi. Qolaversa, rakka chalinish ehtimoli ham shuncha kamayadi. 160 ming nafar ishtirokchi qatnashgan 57 ta ilmiy tadqiqot tahlili asosida olimlar 10 ming qadam tavsiyasining ilmiy asosi yo‘qligini ko‘rsatishdi. Bu raqam ilk bor 1964 yildagi Tokio Olimpiadasi arafasida Yamasa Tokei kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yaponcha Manpo-Kei («10 ming qadam hisoblagichi») qadamo‘lchagichi orqali ommalashtirilgan. Kembrij universiteti olimlaridan biri Peddi Dempsi ta’kidlashicha, 7000 qadam sog‘liq uchun eng samarali chegara hisoblanadi. U shunday deydi: «Ko‘pchilikda foyda aynan shu miqdordagi faollikdan so‘ng paydo bo‘ladi. Bu nuqtadan keyin samara sezilarli o‘zgarmaydi». Olimlar so‘zlariga ko‘ra, har kuni 10 ming qadam yuradiganlar bundan voz kechmasligi kerak, ammo faolligini 2000–3000 qadamda cheklayotganlar imkon qadar hech bo‘lmaganda yana 1000 qadam qo‘shishga harakat qilishi lozim. Bu sog‘lom hayot tarzi sari qo‘yiladigan muhim qadam bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid

10 ming qadam — reklama, 7 ming qadam — sog‘liq uchun haqiqiy foyda | Vaqt.uz