add

100 mln dollarlik CI-loyihalarga soliq imtiyozlari va arzon elektr energiyasi beriladi

29.10.2025 | 08:181892

Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt va data-markazlar qurilishiga 100 mln dollardan ortiq investitsiya kiritgan kompaniyalar 2040 yilgacha soliqlardan ozod etiladi va elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilandi.

100 mln dollarlik CI-loyihalarga soliq imtiyozlari va arzon elektr energiyasi beriladi

Prezident qarori bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt (SI) va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (data-markazlar) sohasidagi yirik investitsiya loyihalari uchun soliq va investitsiya imtiyozlari joriy etildi. Hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda qiymati 100 mln dollardan ortiq bo‘lgan loyihalarni amalga oshirayotgan investorlar keng imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Bunday kompaniyalar respublikada ishlab chiqarilmaydigan serverlar, grafik protsessorlar (GPU) va sovitish tizimlarini olib kirishda bojxona bojlari va QQSdan ozod qilinadi. Milliy IT-park rezidentlari, shu jumladan, bulutli va II xizmatlari eksportchilari 2040 yilgacha foyda, mulk va yer solig‘idan ozod etiladi. Chet ellik aksiyadorlar uchun dividend solig‘i nol foiz etib belgilandi.

SI loyihalari uchun elektr energiyasiga doimiy tarif joriy etildi: 1 kWh uchun 0,05 dollar (QQSsiz). Shu bilan birga, operatorlar pik soatlarda energiya sarfini 20 foizga qisqartirishi va umumiy quvvatining kamida 30–35 foizini ta’minlaydigan energiya saqlash tizimlarini (BESS) o‘rnatishi shart.

Davlat loyihalar uchun tashqi infratuzilmani ta’minlaydi, ammo investorlar o‘z mablag‘larining kamida 25 foizini kiritishlari lozim. Ularga xalqaro to‘lovlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy pudratchilarga amalga oshirish imkoni beriladi. Qurilish ishlari «Design–Procure–Build» modeli asosida olib boriladi, ya’ni loyiha ishlab chiqish, xarid va qurilish bosqichlari bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi. Yer uchastkalari Qoraqalpog‘iston Vazirlar Mahkamasi tomonidan ajratiladi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, yangi maydonlar «SI rivojlanishining yirik markaziga aylanib, zamonaviy grafik protsessorlar bilan jihozlangan startaplar va data-markazlarni jamlaydi».

SI infratuzilmasi qurilishi Qoraqalpog‘istonda qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini oshirish rejalari bilan uzviy bog‘liq. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekiston sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun 1 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

100 mln dollarlik CI-loyihalarga soliq imtiyozlari va arzon elektr energiyasi beriladi | Vaqt.uz