Mirziyoyev Markaziy Osiyo yetakchilari bilan muloqotda yangi hamkorlik rejalarini muhokama qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida Markaziy Osiyo–Koreya sammiti va qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.
© Prezident matbuot xizmatiPrezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi sammit, ikki tomonlama uchrashuvlar va mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlikka urg‘u berilgan tadbirlarga boy bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Seulda ilk bor «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammiti o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan muloqot qilib, ikki tomonlama munosabatlar hamda mintaqaviy hamkorlikning yangi rejalarini muhokama qildi.
Tashrif davomida Mirziyoyev Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi sobiq elchisi Li Uk Xyon bilan ham uchrashdi. Suhbatda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlar yodga olindi.

Sammit arafasida prezident Koreya Milliy Assambleyasi Spikeri uchun koreys tiliga tarjima qilingan “Mirziyoyev doktrinasi” kitobiga dastxat yozdi.

Koreya tomoni davlat tashrifiga alohida e’tibor qaratdi. Seuldagi Janubiy Koreyaning eng baland binosi — Lotte World Tower, shuningdek, Seul teleminorasida O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlari namoyish etildi.

Bundan tashqari, prezident tashrifi sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi dirijabl parvoz qildi. Qarorgoh oldidagi favvorada esa O‘zbekiston davlat gerbi va bayrog‘i tasvirlari aks ettirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Koreyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashib, qator yangi tashabbuslarni muhokama qilgan edi.
Bundan tashqari, davlat rahbari koreys kompaniyalarini bir qancha loyihalarni amalga oshirishga taklif etgani haqida xabar qilgan edik.
Shuningdek, tashrif davomida prezident o‘zini qiynayotgan narsa haqida aytgan edi.





