
11 oyda 103 ming soliq huquqbuzarliklari: asosan chek berilmagan
Huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga undirilgan jarimalarning 20 foizi, ya’ni jami 30,7 mlrd so‘m mukofot to‘langan.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida soliq qoidabuzarliklari haqida jami 103 180 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar «Soliq» mobil ilovasidagi «Soliq hamkor» tizimi orqali yuborilgan.
Tushgan murojaatlarning asosiy qismi xarid cheklari bilan bog‘liq qoidabuzarliklarga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 93 141 ta holatda xarid cheki berilmagani qayd etilgan. Shuningdek, 3 847 ta murojaat to‘lovlarni plastik karta orqali qabul qilmaslikka, 215 ta holat plastik karta orqali to‘lovda xarid summasini asossiz oshirishga oid bo‘lgan. Qolgan 5 977 ta murojaat esa boshqa turdagi soliq qoidabuzarliklari bilan bog‘liq.
Kelib tushgan murojaatlarning 51 541 tasi takroriy ekani yoki shikoyat kelib tushgan tadbirkorlik sub’ektida tekshiruv jarayoni davom etayotgani sababli ko‘rib chiqilmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, murojaatlar asosida 44 196 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Ushbu tekshiruvlarning 98,9 foizida soliq qoidabuzarliklari tasdiqlangan.
Shu bilan birga, qoidabuzarliklar haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish mexanizmi ham amal qilmoqda. Tekshiruv natijasida undirilgan jarimalarning 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanib, 44 413 ta holat bo‘yicha jami 30,7 mlrd so‘m fuqarolarga o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 10 oyda soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga undirilgan jarimalardan jami 27,1 mlrd so‘m mukofot to‘langani ma’lum qilingandi.





