
11 ta to‘lov tashkilotining ustav kapitali minimal talabga yetmadi
14.08.2025 | 19:4549583
Markaziy bankning oxirgi yig‘ilishlarida bu masala muhokama qilingan va qator kamchiliklar aniqlangan.

2025 yil 1 iyuldan O‘zbekistonda barcha to‘lov tashkilotlarining ustav kapitali kamida 20 milliard so‘m bo‘lishi kerakligi haqida talab kuchga kirgan. Ammo ochiq manbalarga ko‘ra, 12 avgust holatiga ko‘ra 41 to‘lov tashkilotidan 11 tasi mazkur me’yorga javob bermaydi.
Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi iyun–iyul oylaridagi yig‘ilishlarida 59 ta masalani ko‘rib chiqqan. Ulardan 15 tasi to‘lov tashkilotlarining ustav kapitalini belgilangan darajaga yetkazmagani va tekshiruvlarda aniqlangan boshqa kamchiliklar bilan bog‘liq.
Minimal kapital talabiga yetmagan tashkilotlar quyidagilar: LimonPay — 16,01 mlrd so‘m, Emit-Solution — 13,03 mlrd so‘m, Pay-Way — 11 mlrd so‘m, UPay — 11 mlrd so‘m, Parapay — 10,2 mlrd so‘m, Payload — 10,1 mlrd so‘m, YuzPay — 10,03 mlrd so‘m, dpay — 10 mlrd so‘m, Cross Pay — 10 mlrd so‘m, Altapay — 10 mlrd so‘m, Xonsaroy Pay — 10 mlrd so‘m va Yangi Payment — 5 mlrd so‘m.
Shu bilan birga, Paynet, MyUzcard, Click, Payme, Alif kabi yirik bozor ishtirokchilari kapital talabni ta’minlagani qayd etilgan. Masalan, Paynet ustav kapitali 558,1 mlrd so‘mni tashkil qiladi.





