
12 yoshga to‘lmagan farzandi bor xodimlarga qo‘shimcha ta’til beriladi
10.06.2025 | 14:004992
Endilikda 12 yoshga to‘lmagan farzandlari bor xodimlarga yilda kamida 4 kunlik haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Bu me’yor mehnat huquqlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, 12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolalari yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi mavjud ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarga qo‘shimcha ta’til berilmoqda.
Mazkur ta’til kamida to‘rt kalendar kundan iborat bo‘lib, u haq to‘lanadigan mehnat ta’tili hisoblanadi. Ushbu ta’til yillik mehnat ta’tiliga qo‘shib olinishi yoki ish beruvchi bilan kelishilgan holda alohida tartibda (to‘liq yoki qismlarga bo‘lib) amalga oshirilishi mumkin.
Shu bilan birga, ta’tildan faqat tegishli ish yili davomida foydalanishga ruxsat beriladi. Ushbu huquqni keyingi ish yiliga ko‘chirish yoki uni pulli kompensatsiya bilan almashtirish taqiqlangan.
Mehnat kodeksidagi bu yangilik oilaviy mas’uliyatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda bolali ota-onalar uchun ijtimoiy muhofazani kuchaytirishga qaratilgan choralardan biridir. Qonunning to‘liq matni Lex.uz portalida e’lon qilingan.





