120 ming dollar qalbaki pullarni sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi
Toshkent va Navoiy viloyatlarida bir guruh shaxslar 100 AQSH dollari kupyuradagi qalbaki 120 ming dollarni muomalaga chiqarishga harakat qilgan.

Toshkent va Navoiy viloyatlarida qalbaki pul sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatining Angren shahrida Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida muqaddam sudlangan M.Yu., shuningdek M.A. va Z.A. ismli fuqarolar fuqaro A.D.ga 100 dollarlik kupyuralardagi qalbaki 80 ming AQSH dollarini 40 ming dollarga sotgan vaqtda qo‘lga olingan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ularni ashyoviy dalillar bilan ushlagan.
Shuningdek, Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro I.Q. yana bir fuqaroga 40 ming AQSH dollari miqdoridagi qalbaki pullarni sotishga uringani aniqlangan. U qalbaki pullarning 10 ming AQSH dollari miqdoridagi qismini sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyati Chortoq tumanida ham xuddi shunday holat sodir bo‘lgan edi.





