
2 mingta import dori narxlari 60 foizgacha arzonlashdi
O‘zbekistonda farmatsevtika islohotlari doirasida import dori vositalari narxi keskin pasaytirilib, ishlab chiqarish va eksport hajmlari oshgani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan choralar o‘z samarasini bermoqda. Davlat rahbariga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2 ming nomdagi import dori vositalarining referent narxlari qayta ko‘rib chiqilishi natijasida ularning ulgurji narxlari 40–60 foizga pasaytirildi.
Dori-darmon ishlab chiqarish va investitsiyalar
Bugungi kunda farmatsevtika sohasida umumiy qiymati 2,3 mlrd dollarga teng 156 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Faqat 2025 yilning o‘zida 362 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2,4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Tarmoq korxonalari tomonidan 7,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, dunyoning 55 ta davlatiga 220 mln dollarlik dori vositalari eksport qilindi. Shuningdek, tadbirkorlar ilk bor 130 turdagi import dori vositasini texnologiya transferi asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish
Sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish doirasida 2025 yil sentabr–dekabr oylarida 37 ta respublika darajasidagi tibbiyot markazi va klinikalar faoliyati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 27 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ushbu islohotlarda xorijiy ekspertlarni jalb etish masalasi ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Respublika onkologiya markazi va uning hududiy filiallarini modernizatsiya qilish loyihasi taqdim etildi. Jumladan, Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 61 mln dollarlik tibbiy uskunalar xarid qilingan bo‘lib, qo‘shimcha ravishda yana o‘nlab turdagi zamonaviy jihozlar olish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish yuzasidan tegishli qarorlarni imzoladi.