
20 yillik moliyaviy ssenariy almashdi: Ispaniya Germaniyadan o‘zmoqda
Ispaniya 2026 yilda Germaniyaga nisbatan kamroq budjet tanqisligi qayd etadi. Bu Yevroittifoqdagi moliyaviy muvozanat o‘zgarishidan darak.

Financial Times nashrining yozishicha, Ispaniya 2026 yilda so‘nggi 20 yil ichida ilk bor Germaniyadan kamroq budjet kamomadiga ega bo‘ladi. Bu holat Yevropa Ittifoqidagi ikki yetakchi iqtisodiyot o‘rtasidagi moliyaviy rollar almashinuvini ko‘rsatadi.
Ispaniya, bir paytlar Yevrozona qarz inqirozining eng zaif nuqtalaridan biri bo‘lgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillardagi barqaror o‘sish va soliq tushumlarining oshishi hisobiga moliyaviy barqarorlikka erishmoqda. Ispaniya Markaziy bankining baholashicha, mamlakat budjet tanqisligi 2025 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizga, 2026 yilda esa 2,3 foizgacha tushadi.
Bu orada, Germaniyadagi iqtisodiy vaziyat aksincha rivojlanmoqda. Hukumatga maslahat beradigan Mustaqil iqtisodchilar kengashining ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya budjet kamomadi 2026 yilda 3,1 foizgacha oshib ketishi mumkin. Keyingi yillarda esa bu ko‘rsatkich 4 foizga yaqinlashishi ehtimol qilinmoqda.
Qizig‘i shundaki, «PIIG» deb haqoratli qisqartma bilan atab kelingan davlatlar — Portugaliya, Italiya, Irlandiya, Gretsiya va Ispaniya — hozirda moliyaviy intizom borasida Germaniya va Fransiyadan yaxshiroq natijalar ko‘rsatmoqda.
Ispaniyadagi bu o‘zgarish mamlakat davlat obligatsiyalariga bo‘lgan talabni ham kuchaytirdi. Bu, ayniqsa, Italiya va Gretsiyada kuzatilayotgan iqtisodiy barqarorlashuvga o‘xshash tarzda yuz bermoqda. Karsten Yuniusning ta’kidlashicha, «Yevrozonadagi moliyaviy iyerarxiya tubdan o‘zgardi».





