2025-yilda 10 mingdan ortiq o‘zbekistonlik xorijga ko‘chib ketdi

28.01.2026 | 16:352 daqiqa

O‘tgan yil davomida O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga doimiy yashash uchun ketganlar soni mamlakatga ko‘chib kelganlar sonidan qariyb 10 barobar ko‘p bo‘ldi.

2025-yilda 10 mingdan ortiq o‘zbekistonlik xorijga ko‘chib ketdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida xorijiy davlatlarga ko‘chib ketgan fuqarolar soni 10 117 kishini tashkil etdi. Shu bilan birga, xorijdan respublikaga ko‘chib kelganlar soni 1 159 nafar bo‘lib, tashqi migratsiya bo‘yicha ketish ko‘rsatkichi kelganlardan ancha yuqori bo‘lgan.

Ko‘chib kelganlar va ketganlar umumiy ko‘rsatkichi

2025 yilda respublika bo‘yicha jami 252 792 kishi ko‘chib kelgan. Ularning 251 633 nafari mamlakatning boshqa hududlaridan, 1 159 nafari esa xorijiy davlatlardan kelgan. Shu davrda jami 261 750 kishi yashash joyini o‘zgartirgan bo‘lib, shundan 251 633 nafari ichki migratsiya, 10 117 nafari esa tashqi migratsiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Tashqi migratsiyada yetakchi hududlar

Xorijga ko‘chib ketganlar soni bo‘yicha Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Navoiy viloyati yetakchi hududlar sifatida qayd etildi. Xususan, Toshkent shahrida 1 435 nafar fuqaro xorijga ko‘chib ketgan bo‘lsa, Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 2 482 nafarni, Navoiy viloyatida esa 1 910 nafarni tashkil etgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashqi migratsiya ko‘rsatkichi nisbatan yuqori bo‘lib, 3 532 nafar aholi xorijga ko‘chib ketgan.

Ichki migratsiya

Ichki migratsiyada eng katta oqim Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 89 588 nafar fuqaro poytaxtga ko‘chib kelgan. Shu bilan birga, 68 847 nafar aholi Toshkent shahrini tark etgan. Samarqand, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida ham ichki ko‘chish ko‘rsatkichlari yuqori darajada saqlanib qolgan.

Yillar kesimida migratsiya dinamikasi

So‘nggi yillar tahliliga ko‘ra, tashqi migratsiya ko‘rsatkichlari barqaror emas. 2021 yilda xorijga ko‘chib ketganlar soni 20 140 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 8 790 nafarga tushgan. 2023 yilda yana o‘sish kuzatilib, 17 336 nafarni tashkil etgan. 2024 va 2025 yillarda esa xorijga ketganlar soni mos ravishda 10 842 va 10 117 nafarni tashkil qildi.

Ma’lumot o‘rnida, 2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 38 mln 236,7 ming kishini tashkil etdi.

Teglar

Mavzuga oid