2025 yilda O‘zbekistonga doimiy yashash uchun ko‘chib kelganlar soni ma’lum qilindi
2025 yilda mamlakatga doimiy yashash uchun kelganlar soni avvalgi yillarga nisbatan qariyb ikki barobar qisqargan.

2025 yilda O‘zbekistonga doimiy yashash uchun ko‘chib kelganlar soni 1 159 nafarni tashkil etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 1,9 baravarga, 2023 yilga nisbatan esa 2,5 baravarga kamaygan. Bu haqda «Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti xabar berdi.
Doimiy yashash uchun ko‘chib kelganlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi — 60,2 foiz. Shuningdek, Toshkent viloyati 23,7 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi esa 8,7 foiz ulush bilan keyingi o‘rinlarni egallagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi soni ko‘pligi bo‘yicha Toshkent shahri mamlakatda 6-o‘rinda, Toshkent viloyati 7-o‘rinda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi esa 11-o‘rinda turadi. Bu esa migratsiya oqimlari asosan iqtisodiy va infratuzilmaviy imkoniyatlar yuqori hududlarga yo‘nalganini ko‘rsatadi.
2025 yilda ko‘chib kelganlarning qaysi davlat fuqarolari ekani ochiqlanmagan. Biroq 2024 yil yakunlariga ko‘ra, doimiy yashash uchun kelganlarning 36,5 foizi Rossiya Federatsiyasi, 24,2 foizi Qozog‘iston, 10,8 foizi Tojikiston, 6,9 foizi Qirg‘iziston, 2,5 foizi Turkmaniston va 19,1 foizi boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan edi.
Shuningdek, o‘tgan yilda doimiy yashash uchun kelganlarning 61,5 foizi Toshkent shahriga, 18,3 foizi Toshkent viloyatiga, 8,2 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga, 4,6 foizi Farg‘ona viloyatiga va 7,4 foizi boshqa hududlarga joylashgan.


