
2025 yilda O‘zbekistonga go‘sht importi keskin o‘sgan
Yil davomida mamlakatga jami 156,9 ming tonnadan ortiq mol go‘shti import qilingan bo‘lib, uning umumiy qiymati 661,2 million dollarni tashkil etdi.
© Javhar Chorshanbiyeva 2025 yilda O‘zbekistonga mol, qo‘y va tovuq go‘shti importi keskin oshdi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida mamlakatga jami 156,9 ming tonnadan ortiq mol go‘shti olib kelingan. Importning umumiy qiymati 661,2 million dollarga yetgan. Har bir kilogramm mol go‘shti o‘rtacha 4,2 dollardan to‘g‘ri kelgan.
Solishtirish uchun, 2024 yilda O‘zbekiston 93,3 ming tonna mol go‘shti import qilgan bo‘lib, o‘sha davrda bir kilogramm go‘shtning o‘rtacha narxi 3,9 dollar bo‘lgan. Bu raqamlar bir yil ichida ham hajm, ham narx bo‘yicha sezilarli o‘sish kuzatilganini ko‘rsatadi. Mutaxassislar bu holatni ichki ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi va bozorda talabning yuqoriligi bilan izohlamoqda.
Qo‘y go‘shti
Qo‘y go‘shti importida ham jiddiy o‘sish qayd etildi. 2025 yilda mamlakatga 33 ming tonna qo‘y go‘shti olib kirilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 13,5 ming tonna bilan solishtirilganda qariyb 2,5 baravarga ko‘p. Import hajmining bunday o‘sishi mahalliy bozorda taklif yetarli emasligini anglatadi.
Tovuq go‘shti
Tovuq go‘shti importi ham ortib, 2025 yilda 64,9 ming tonnani tashkil etdi. Bir yil avval bu hajm 61,1 ming tonna bo‘lgan. Shu bilan birga, mamlakat ichida go‘sht narxlari sezilarli qimmatlashdi: mol go‘shti narxi 23,9 foizga, qo‘y go‘shti esa 26,8 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq go‘sht va go‘sht mahsulotlari importiga nol bojlar uzaytirilishi haqida ma’lumot bergan edik.





