
2025 yilda sudlar tomonidan 500 mingdan ortiq shaxsga ma’muriy jazo qo‘llanilgan
O‘tgan yilda tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning tergov sudyalari tomonidan 825 050 nafar shaxsga nisbatan 690 879 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan.

2025 yil davomida tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarining tergov sudyalari tomonidan 690 ming 879 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko‘rib chiqilgan. Ushbu ishlar 825 ming 50 nafar shaxsga nisbatan yuritilib, 509 ming 146 nafar fuqaroga ma’muriy jazo tayinlangan. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ma’muriy jazo tayinlanganlarning 415 531 nafariga nisbatan jarima, 91 663 nafariga nisbatan esa ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.
Eng ko‘p ishlar qaysi hududlarda ko‘rilgan?
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning salmoqli qismi Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida ko‘rilgan
Yarashilganligi munosabati bilan 121 906 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etildi.
Qanday ishlar ko‘rilgan?
Ko‘rilgan ishlarning aksariyatini:
- mayda bezorilik;
- ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik;
- avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish;
- haqorat qilish;
- savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish;
- elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish;
- transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;
- jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish;
- sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish;
- transport vositalarini mastlik holatida boshqarish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar tashkil etadi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida 13 031 ta taqdimnoma chiqarilib, tegishliligi bo‘yicha yuborilgan.
Apellyatsiya tartibida 8 988 nafar shaxsga nisbatan 7 780 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. 2 512 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 2 565 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Kassatsiya tartibida 11 437 nafar shaxsga nisbatan 10 834 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. 5 093 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 2 415 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 2 563 nafar shaxsga nisbatan 2 441 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. 587 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 304 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.





