
2025 yilda yengil avtomobillar savdosi 23 foizga pasaygan
15.07.2025 | 18:1526453
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi 446 ming dona bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga kamaygan. Biroq elektromobillar segmentida keskin o‘sish kuzatilgan.

O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarmida avtomobil bozori faolligi umumiy barqarorlikni saqlab qolgani holda, ayrim segmentlarda pasayish kuzatildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) hisobotiga ko‘ra, bu davrda 446 ming dona yengil avtomobil sotilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 23 foizga kamdir.
May oyiga nisbatan iyun oyida savdolar 3 foizga oshgani qayd etilgan — bu 80 ming dona avtomobilga teng. Biroq birinchi yarim yillik natijalariga ko‘ra, bozordagi pasayish asosan ikkilamchi bozordagi faollikning susayishi bilan izohlanadi.
Birlamchi bozorda savdolar 10 foizdan ortiq o‘sib, 2,6 mingtaga yetdi. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar 23,7 mingtaga yetgan va bu o‘tgan oyga nisbatan 15,6 foizlik o‘sish demakdir. Biroq yangi xorijiy yengil avtomobillar savdosi 4 mingta bilan cheklangan bo‘lib, 12,6 foiz pasaygan.
Ikkilamchi bozorda 52 mingdan ziyod avto vosita sotilgan — may oyiga nisbatan atigi 0,4 foiz kam. Shu bilan birga, yillik hisobda 1,3 foiz o‘sish kuzatilgan.
Eng yuqori o‘sish esa elektromobillar bozorida qayd etildi. Iyun oyida 5,1 mingta elektromobil sotilgan bo‘lib, oylik kamayish (1,7 foiz) kuzatilganiga qaramay, yarim yillikda bu ko‘rsatkich 28,8 mingtaga yetdi. Bu esa 2024 yilga nisbatan 62,6 foizga ko‘pdir. Eng katta o‘sish Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan.





