add

2026 yilda 34 ta avto modeli ishlab chiqarishdan olinadi: orasida Chevrolet Malibu ham bor

Bugun 12:5514552 daqiqa

Avtokonsernlar 2026 yilda talab pasayishi, model qatorini optimallashtirish va elektrlashtirish strategiyasi sabab 34 ta avtomobil modelini ishlab chiqarishdan olishni rejalashtirmoqda.

2026 yilda 34 ta avto modeli ishlab chiqarishdan olinadi: orasida Chevrolet Malibu ham bor

Jahon avtoishlab chiqaruvchilari bozor talablari, sotuv dinamikasi va texnologik strategiyalardan kelib chiqib, model qatorlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. SlashGear nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda 34 ta avtomobil modeli ishlab chiqarishdan olinadi.

Ishlab chiqarish to‘xtatilishi rejalashtirilgan modellar orasida ommaviy hamda premium segment vakillari bor. Ular qatoriga Kia Soul, Ford Escape, Chevrolet Malibu, Subaru Legacy, Audi A4, BMW X4, Mercedes-Benz EQB, Volvo S60, Lexus RC va RC F, shuningdek Audi Q8 e-tron va Polestar 2 kabi elektromobillar ham kiradi.

Asosiy sabablardan biri — talabning keskin pasayishi. Masalan, Kia Soul so‘nggi yillarda sotuv hajmini yo‘qotgani sababli segmentdagi boshqa krossoverlarga o‘rin bo‘shatmoqda. Xuddi shunday vaziyat Chevrolet Malibu, Acura TLX, Cadillac XT4 va XT6, Mercedes-Benz EQB hamda Volvo S60 modellarida ham kuzatilmoqda.

Ayrim avtomobillar esa model qatorini optimallashtirish doirasida ishlab chiqarishdan olinadi. Audi A4, BMW X4 va Toyota bZ4X ichki raqobatni kamaytirish maqsadida to‘xtatiladi. Ford Escape va Lincoln Corsair esa brendlarning elektr transportga o‘tish strategiyasi tufayli konveyerdan chiqariladi.

Infiniti kompaniyasi talabning uzoq muddatli pasayishi sabab QX50 va QX55 krossoverlaridan voz kechib, butun model qatorini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

Shu bilan birga, ayrim modellar yangi avlodga o‘tish arafasida ishlab chiqarishdan olinadi. Kia Telluride 2027 yilda yangi avlodda taqdim etiladi. Porsche 718 Boxster va Cayman esa 2026 yildan boshlab ilk bor to‘liq elektr sportkarlarga aylanadi.

Mutaxassislarning fikricha, bu jarayon avtosanoatdagi global transformatsiya — elektrlashtirish, xarajatlarni qisqartirish va bozorga moslashishning navbatdagi bosqichidir.

Teglar

Mavzuga oid

2026 yilda 34 ta avto modeli ishlab chiqarishdan olinadi: orasida Chevrolet Malibu ham bor | Vaqt.uz