add

2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarmaydi

27.10.2025 | 19:457261

Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan yig‘ilishda joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va kelgusi yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokama qilindi.

2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarmaydi

27 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026 yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mutasaddilar kelgusi yilda o‘sish sur’atini 6,6 foiz darajasida ta’minlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 milliard dollardan oshirish, iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trillion so‘m yo‘naltirish, inflyatsiyani 7 foizdan ortiq bo‘lmagan darajada saqlab qolish prognoz qilingani yuzasidan axborot berdi.

Mazkur yig‘ilishda, 2026 yilgi byudjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan sharoitda byudjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.

Shuningdek, bundan buyon mavjud loyihalarni oxiriga yetkazibgina yangi loyihalarga resurs jalb qilish tizimiga o‘tish zarurligi ta’kidlandi.

Shu jumladan, vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalarida to‘plangan qoldiqning yarmini alohida jamg‘armaga o‘tkazish va ushbu mablag‘larni maktablar qurilishiga va tibbiyotga yo‘naltirish topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid

2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarmaydi | Vaqt.uz