
2026-yilda davlat budjeti xarajatlariga 402,4 trln so‘m ajratilishi mumkin
Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan Fuqarolar uchun budjetning 2026-yilgi loyihasiga ko‘ra, kelgusi yil davlat budjetidan eng ko‘p mablag‘ ta’li va sog‘liqni saqlashga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston davlat budjetining 2026-yil uchun xarajatlari 402,4 trln so‘m yoki YIMning 20,4 foizi (2025-yilda 388,9 trln so‘m yoki YIMning 22,6 foizi bo‘lishi kutilmoqda) etib prognoz qilinmoqda. Bu haqda Hukumatning 2026-yil uchun davlat budjeti parametrlari va soliq siyosati loyihasida keltirilgan.
Fuqarolar uchun budjet loyiasida keltirilishicha, kelgusi yilda ijtimoiy xarajatlarga 220 tlrn so‘m yo‘naltiriladi, bu o‘z navbatida jami Davlat budjeti xarajatlarining qariyb 54,7 foizini tashkil etadi.
Avvalgi yillar kabi ijtimoiy xarajatlarning aksariyat qismini ta’lim xarajatlari (45,6 foiz) tashkil etmoqda.2026-yilda ta’limga 100,3 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 2025-yilda kutilayotgan xarajatlarga nisbatan 8,1 trln so‘mga ko‘proqni tashkil etadi.
2026-yil uchun maktabgacha ta’lim sohasi xarajatlari 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga kamrov darajasini oshirishni, bog‘chalarda sog‘lom ovqatlantirishni ta’minlash va maktabgacha ta’limni yanada rivojlantirish boshqa muhim tadbirlarni hisobga olgan holda rejalashtirilgan. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining ortishi va ushbu sohada davlat xususiy sheriklikning yanada rivojlanishi hisobiga bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovini oshirish rejalashtirilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim xarajatlari Davlat budjeti xarajatlarining 15,8 foizini tashkil etadi. Oliy ta’lim qamrovini va ta’lim sifatini oshirish maqsadiga muvofiq oliy ta’lim uchun 7,3 trln so‘m budjet mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasi budjeti ham salmoqli darajada oshirilib, 48,9 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan. Bu mablag‘ tibbiy muassasalarni modernizatsiya qilish, aholini profilaktik xizmatlar bilan qamrab olish va tibbiy kadrlar tayyorlash tizimini yaxshilashga qaratilgan. Sog‘liqni saqlash budjetida yuqori ulushni ish haqi xarajatlari, jumladan unga ajratmalar tashkil etadi. 2026 yilda ushbu maqsadlar uchun 32 763,6 mlrd so‘mni ajratish rejalashtirilgan.
Rivojlantirish dasturlari uchun esa 35,8 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish, infratuzilmani yangilash va yangi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Budjetda kapital qo‘yilmalar ham muhim o‘rin tutadi — qurilish, rekonstruksiya va jihozlash ishlari uchun 9,99 trln so‘m ajratilishi belgilangan. Bu mablag‘lar maktablar, shifoxonalar, yo‘llar, muhandislik infratuzilmasi va boshqa obyektlarni modernizatsiya qilishga sarflanadi.
Shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalariga 39,6 trln so‘m miqdorida transfertlar yo‘naltiriladi. Pensiya jamg‘armasiga — 23 trln so‘m, ta’lim krediti jamg‘armasiga — 2 trln so‘m, davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga esa 1,68 trln so‘m ajratilishi belgilangan.
Budjet mablag‘lari tarkibida hududlarga ajratiladigan tartibga soluvchi transfertlar ham katta ahamiyatga ega. Respublikaning barcha hududlari, jumladan, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari uchun 19,65 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.





