Logo

«Shu narsaning xatoligini terimizda his qilishimiz shartmi?» — o‘simlik yog‘ini tamg‘alash xarajatlari va iste’molchilar xavotiri

Bugun 19:3410 daqiqa

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ini majburiy raqamli tamg‘alash taklif qilinmoqda. Vaqt.uz iqtisodchilarning bu tashabbusga munosabati, Rossiya tajribasi va jamoatchilik fikrlarini o‘rgandi. Mutaxassislar yangi talabning iqtisodiy asoslari, tamg‘alash xarajatlari va mahsulot narxiga ta’siri yuzasidan qanday fikrda?

«Shu narsaning xatoligini terimizda his qilishimiz shartmi?» — o‘simlik yog‘ini tamg‘alash xarajatlari va iste’molchilar xavotiri

O‘zbekistonda aholining asosiy kundalik iste’mol mahsulotlaridan biri bo‘lgan o‘simlik yog‘ini majburiy raqamli tamg‘alash taklif etilmoqda. Tashabbus noqonuniy mahsulotlar aylanmasining oldini olish va savdoni raqamlashtirishga qaratilgan. Biroq yangi talablar ishlab chiqaruvchilar va importchilar uchun qo‘shimcha xarajatlarni ham yuzaga keltirishi mumkin. Suvni tamg‘alash tajribasi fonida esa savol tug‘iladi: yangi talab iste’molchini himoya qiladimi yoki tamg‘alash sababli o‘simlik yog‘i aholi va biznesga qimmatroqqa tushadimi?

Tamg‘alash tizimi

O‘simlik yog‘ini majburiy raqamli tamg‘alash taklifi O‘zbekistonda ushbu tizimni yangi mahsulot turiga kengaytirishning navbatdagi bosqichi bo‘ladi. Avval tamaki va spirtli ichimliklardan boshlangan tizim keyinchalik dori-darmon, maishiy texnika va yaxna ichimliklarni, jumladan, ichimlik suvini ham qamrab oldi. Biroq ichimliklarni tamg‘alash jarayonida ishlab chiqaruvchilarning e’tirozlari ham kuzatilgan. Endi shunga o‘xshash talab kundalik iste’molda muhim o‘rin tutadigan o‘simlik yog‘iga nisbatan ham taklif qilinmoqda.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasi 2026-yil 10-oktabrda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Muhokama 24-oktabrgacha davom etishi belgilangan. Hujjat ma’qullansa, o‘simlik yog‘ini majburiy raqamli tamg‘alash 2027-yil 1-iyuldan boshlanishi mumkin. Tashabbus Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, noqonuniy import, ishlab chiqarish va savdo holatlarining oldini olish hamda mahsulot aylanmasini raqamli kuzatishga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, raqamli kod o‘simlik yog‘ining ichki yoki tashqi iste’mol qadoqlariga yopishtiriladigan shtrix-kodli stiker orqali qo‘llanadi. Ishlab chiqaruvchilar, importchilar, ulgurji va chakana savdo korxonalari «Asl belgisi» milliy axborot tizimiga ulanishi kerak bo‘ladi. Tizim orqali mahsulotning muomalaga kiritilishi, aylanmasi va muomaladan chiqarilishi kuzatib boriladi. Tamg‘alanishi shart bo‘lgan yog‘ni tegishli kodsiz sotish savdo qoidalarini buzish sifatida baholanib, qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Loyihada tayyorgarlik ishlari uchun ham muddatlar belgilangan. Xususan, «CRPT Turon» operatori Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvargacha tizimda ro‘yxatdan o‘tgan va shartnoma tuzgan ishlab chiqaruvchilar hamda importchilarga buyurtmalarni boshqarish stansiyalarini yetkazib berishi ko‘zda tutilgan. Shu sanadan boshlab alohida mahsulot yoki quti kodlarini yagona transport qadoq kodi bilan birlashtirish — agregatsiya tizimini joriy etish ham taklif qilinmoqda. Talablar bajarilishini nazorat qilish esa soliq organlari zimmasiga yuklanishi rejalashtirilgan.

Ekspertlar nima deydi?

O‘simlik yog‘ini majburiy raqamli tamg‘alash taklifi iqtisodiy jihatdan qanchalik asoslangan va uning xarajatlari kimning zimmasiga tushadi? Iqtisodchi Otabek Bakirov loyiha yuzasidan o‘z e’tirozlarini bildirib, avval uning iqtisodiy samarasi va iste’molchilar uchun ehtimoliy oqibatlarini baholash zarurligini ta’kidlamoqda.

«Afsuski, tor manfaatlar yana ustun kelmoqda» — Otabek Bakirov

Bakirovning yozishicha, biznes va iste’molchilarga ziyon yetkazish orqali pul ishlashdan iborat «buzuq model» kengayishda davom etishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, agar moratoriy e’lon qilinmasa, bu jarayon to‘xtamaydi.

«Afsuski, tor manfaatlar yana ustun kelmoqda», — deb yozadi u.

Bakirov o‘simlik yog‘i va paxta yog‘i kam hamda o‘rta daromadli aholi iste’molida muhim o‘rin tutishini ta’kidlaydi. Uning yozishicha, bu mahsulotlar narxi yil boshidan beri oshib bormoqda. Shuningdek, iqtisodchi jahon bozorida o‘simlik yog‘i narxi so‘nggi bir yil ichida 18,3 foizga ko‘tarilganini qayd etadi.

Otabek Bakirov Rossiyada o‘simlik yog‘ini tamg‘alash juda qimmatga tushishi, xarajatlar hatto yangi zavod qurish qiymatiga yaqinlashishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni ham keltiradi. Uning fikricha, bunday talabni joriy etishdan oldin iqtisodiy oqibatlarni hisoblash, xarajatlar biznes va iste’molchilarga qanday taqsimlanishini baholash zarur.

Kun.uz’ga bergan intervyusida Bakirov o‘simlik yog‘ini majburiy tamg‘alash tashabbusining iqtisodiy asoslari yetarlicha ochib berilmaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bozorda qancha kontrafakt mahsulot borligi va yashirin iqtisodiyot ulushi haqida aniq ma’lumotlar keltirilmagan.

«Iqtisodiy asoslantirish berilmadi. O‘zi bozorda qancha bularning baholashlariga ko‘ra kontrafakt bor yoki o‘sha yashirin iqtisodiyot kriteriyalariga mos tushadigan o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish bor? Biror bir ma’lumot yo‘q», — dedi iqtisodchi.

Bakirovning fikricha, tamg‘alashni joriy etishdan kutilayotgan iqtisodiy samara ham, biznes va iste’molchilar zimmasiga tushadigan qo‘shimcha xarajatlar ham hisob-kitob bilan asoslanmagan.

«Biz shuncha xarajat qilamiz, biznesimiz, savdoyimiz, iste’molchilarimiz bo‘yniga shuncha xarajat yuklanadi, bundan iqtisodiy shuncha samara olamiz degan hisob-kitoblar berilmadi», — deya ta’kidladi u.

Iqtisodchi yangi mahsulotlarni majburiy tamg‘alash ro‘yxatiga kiritishdan oldin mustaqil ekspertlar ishtirokida baholash o‘tkazish zarurligini qayd etdi. Uning fikricha, avval amaldagi tizimning natijalari, narxlarga ta’siri va iste’molchilar zimmasiga tushgan xarajatlar o‘rganilishi kerak.

«Biz avval bilishimiz kerak, qayerlarda xato ketdi, qayerlarda yutqazdik, qayerlarda narx oshishiga olib keldi bu masala? Bu xulosani olishimiz kerak-da, xatolarimizni tan olishimiz kerak. Keyin keyingi qadamlarimizni bosishimiz kerak», — dedi Bakirov.

U mustaqil tahlil natijalari ochiqlanmaguncha yangi mahsulotlarni tamg‘alash ro‘yxatiga kiritishni to‘xtatib turish va moratoriy joriy etish kerak, deb hisoblaydi.

«Tamg‘alash xarajatlari kichik ishlab chiqaruvchilarga og‘irroq tushadi» — Murod Muhammadjonov

Soliqchi Murod Muhammadjonov ham Kun.uz’ga bergan intervyusida o‘simlik yog‘ini majburiy tamg‘alashdan oldin amaldagi tizimning natijalarini, ishlab chiqarish va logistika bilan bog‘liq muammolarni hamda xarajatlarning biznes va iste’molchilarga ta’sirini o‘rganish kerakligini ta’kidladi.

Muhammadjonovning aytishicha, tamg‘alash tizimi ishlab chiqarish jarayonida ham muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Jumladan, liniyani to‘xtatish va qayta ishga tushirish zarurati uskunalarning eskirishiga, ishlab chiqarish jarayonining uzilishiga olib keladi.

«Tizimning o‘zi hali to‘g‘ri yechim topmasdan turib, uni kengaytiradigan yana qo‘shimcha tovar kiritilyapti», — dedi mutaxassis.

U logistika jarayonida ham yechimini kutayotgan masalalar borligini ta’kidladi. Xususan, mahsulotlarni pallet, blok yoki dona ko‘rinishida tamg‘alash bilan bog‘liq qiyinchiliklar, shuningdek, tamg‘alash kodlarining takrorlanishi kabi holatlar tizim samaradorligiga ta’sir qilmoqda.

Muhammadjonovning fikricha, tamg‘alash xarajatlari barcha ishlab chiqaruvchilarga bir xil ta’sir ko‘rsatmaydi. Yirik korxonalar qo‘shimcha xarajatlarni katta ishlab chiqarish hajmi hisobiga taqsimlashi mumkin. Kichik korxonalarda esa bir birlik mahsulotga to‘g‘ri keladigan xarajat ancha yuqori bo‘ladi.

«Kuniga 100 tonna ishlab chiqaradigan uchun bu 100 so‘mga aylansa, kuniga 10 tonna ishlab chiqaradiganga u 1000 so‘mga aylanadi», — deya misol keltirdi mutaxassis.

Mutaxassisning tushuntirishicha, tamg‘alash xarajatini faqat mahsulotning umumiy narxiga nisbatan baholash yetarli emas. Uning korxona foydasiga ta’sirini ham hisobga olish kerak.

«Lekin korxonaning foydasiga qanchalik ta’sir qiladi? Siz 10%. O‘zi 700 so‘m foyda topayotgan edi, endi 10% foydasi kamaydi», — dedi Muhammadjonov.

Uning fikricha, qo‘shimcha xarajatlar korxona foydasini qisqartirishi mumkin. Ishlab chiqaruvchi bu xarajatni mahsulot narxiga qo‘shsa, yuk iste’molchiga tushadi. Xarajatni narxga qo‘sha olmagan taqdirda esa korxonaning yangi texnologiyalarni joriy etish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va rivojlanish imkoniyatlari cheklanishi mumkin.

«Aholiga tushadigan bo‘lsa, bu uning xarid qobiliyatini pasayishiga olib keladi», — deya ta’kidladi mutaxassis.

Muhammadjonov tamg‘alash tizimidan butunlay voz kechish kerakligini aytmaydi. Uning fikricha, asosiy masala — yangi talabni ayni paytda joriy etish zarurati va uning ehtimoliy oqibatlarini baholash.

«Aytmoqchi, masalan, butkul bilan kerak emas. Lekin hozir kerakmi, yo‘qmi degan masalani o‘rganish kerak», — dedi u.

Rossiya tajribasi: tamg‘alash xarajatlari 1,8 mlrd rublga baholangan

Rossiyada o‘simlik yog‘ini majburiy tamg‘alashning oziq-ovqat yog‘lari sanoatiga ta’siri ham muhokama qilingan. «Interfaks»ning 2023-yil 26-sentabrdagi xabariga ko‘ra, «OleoScope» agentligi soha vakillari o‘rtasida o‘tkazgan so‘rov natijalariga asoslanib, tamg‘alashni joriy etishning birinchi yilidagi xarajatlarni 1,8 mlrd rublga baholagan. Keyingi yillarda esa tizimga xizmat ko‘rsatish uchun yiliga 1 mlrd rubldan ortiq mablag‘ talab etilishi mumkinligi aytilgan.

«OleoScope» tahlilchisi Kirill Lozovoyning ma’lum qilishicha, tamg‘alashni joriy etish uchun yog‘-moy korxonalarining katta qismi ishlab chiqarish liniyalarini qayta jihozlashiga to‘g‘ri keladi. Masalan, soatiga qariyb 5 mingta shisha ishlab chiqaradigan liniyani tamg‘alash uskunasi bilan jihozlash 6 mln rubldan ortiq turishi mumkin.

Bundan tashqari, har bir mahsulot birligi uchun raqamli kod xarajatlari ham sezilarli bo‘lishi qayd etilgan. Lozovoyning hisob-kitobiga ko‘ra, bitta kod 50 kopeyka turadigan bo‘lsa, yiliga 1,3 mlrd dona mahsulot ishlab chiqaradigan butun tarmoq uchun bu xarajat 650 mln rublga yetadi.

Tahlilchi tamg‘alash ishlab chiqarish tannarxini oshirishini ham ta’kidlagan. Uning baholashicha, bir litrli kungaboqar yog‘i shishasini tamg‘alash xarajati 70 kopeykani, ya’ni mahsulotni ishlab chiqarish xarajatlarining qariyb 1 foizini tashkil etadi. Yog‘-moy mahsulotlarini mamlakatdagi uy xo‘jaliklarining qariyb 95 foizi iste’mol qilishi va sohada rentabellik nisbatan pastligini hisobga olib, bu xarajatlar kelgusida ulgurji narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.

Lozovoy, shuningdek, Rossiyada ishlab chiqarilgan yog‘ mahsulotlarining kuzatuvchanligi yuqori ekanini ta’kidlab, majburiy tamg‘alashning maqsadga muvofiqligini chuqur o‘rganish zarurligini bildirgan. U «Roskachestvo» tomonidan o‘tkazilgan bir nechta tekshiruvlarda kungaboqar yog‘ining soxtalashtirilgani aniqlanmagani, aksincha, o‘rganilgan mahsulotlarning 70 foizi yuqori sifatli tovarlar deb topilganini qayd etgan.

Aholi fikri: ko‘pchilik majburiy tamg‘alash narxlarni oshirishidan xavotirda

O‘simlik yog‘ini majburiy raqamli tamg‘alash bo‘yicha qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihani 3 ming 59 kishi ko‘rgan, 217 kishi unga qarshi, ikki kishi esa tarafdor ekanini bildirgan. Loyiha yuzasidan jami 83 ta izoh qoldirilgan.

Izohlarda asosiy e’tibor yangi talabning ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar zimmasiga tushiradigan xarajatlari, mahsulot narxiga ta’siri hamda tamg‘alashning qanchalik zarurligiga qaratilgan.

«Bu yashirin soliq vazifasini bajaradi»

Jamoatchilik muhokamasida izoh qoldirgan foydalanuvchilardan biri o‘simlik yog‘ini majburiy raqamli tamg‘alash tadbirkorlar va iste’molchilar uchun qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirishini ta’kidladi. Uning fikricha, bu xarajatlar mahsulot tannarxini va yakuniy narxini oshirishi mumkin.

«O‘simlik yog‘ini majburiy raqamli markirovkalash tizimining joriy etilishi — bu bozordagi kontrabanda va sifatsiz mahsulotlarga qarshi kurashishda samarali vositadir. Biroq, iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, bu tadbirkorlar va iste’molchilar uchun yashirin soliq (kvazisoliq) vazifasini o‘taydi. Har bir shisha yog‘ uchun kod sotib olish, ishlab chiqarish liniyalariga qimmatbaho uskunalar o‘rnatish va yangi xodimlarni yollash xarajatlari oxir-oqibat mahsulot tannarxining oshishiga va narxlarning ko‘tarilishiga olib keladi. Bu holat, ayniqsa, kichik mahalliy ishlab chiqaruvchilarga va arzon flakonlangan (paxta yoki kungaboqar) yog‘ segmentiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

G‘arb davlatlarida iqtisodiy yukni kamaytirish uchun bunday markirovka har bir dona shishaga emas, balki faqat yirik partiyalar va qutilarga (bepul kodlar yordamida) qo‘llaniladi. Donabay emas, balki partiyalarni kuzatishga e’tibor qaratish va bepul qilish kerak! Har bir donani majburiy markirovkalash bu kontrabanda mahsulotlariga qo‘llaniladi. O‘simlik yog‘i bu kontrabanda mahsuloti emas, bu eng ko‘p iste’mol tovarlaridan biri! Men qarshiman! Bu narxlarning o‘sishiga olib keladi!» — deb yozgan foydalanuvchi.

«Shu narsaning xatoligini terimizda his qilishimiz shartmi?»

Navbatdagi izohlarning yana birida ichimlik suvini tamg‘alash tajribasi misol qilib keltirilib, narxlar oshganiga qaramay, boshqa sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagani ta’kidlangan. Shu sababli aholining asosiy iste’mol mahsulotlaridan biri bo‘lgan o‘simlik yog‘ini tamg‘alash yanada salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aytilgan.

«Men bu loyihaga qarshiman! Ichimlik suvlari markirovkalanganda faqat narx qimmatlaganini va boshqa umuman hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmaganini hisobga olsa, aholining asosiy iste’moli hisoblangan o‘simlik yog‘ini markirovkalash bundan ham yomonroq bo‘ladi. Qolaversa, aynan shu tajriba ko‘plab davlatlarda faqat va faqat yomon natija ko‘rsatganligini hisobga olsak, nega biz jahon tajribasidan andaza olmayapmiz? Shu narsaning xatoligini terimizda his qilishimiz shartmi?» — deyiladi izohda.

«Markirovkalash Trampning tarif siyosatidan ham battar bo‘lishi mumkin»

Jamoatchilik muhokamasida qoldirilgan izohlardan birida o‘simlik yog‘ini majburiy tamg‘alash loyihasi AQSH prezidenti Donald Trampning tarif siyosati bilan qiyoslangan. Foydalanuvchi taklif etilayotgan talabning iqtisodiy oqibatlari AQSH budjetiga tariflar yetkazgan zarardan ham og‘irroq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib, loyihaga qat’iy qarshi ekanini bildirgan.

«Trampning AQSH budjetiga tariflar qancha zarar olib kelgan bo‘lsa, taklif qilingan markirovkalash balki bundan ham battar. Bir o‘zbek vatandoshi sifatida bunaqa yomon loyihaga mutlaqo qarshiman», — deyiladi izohda.

«Yog‘ narxi oshsa, uning xarajatini butun xalq to‘laydi»

Jamoatchilik muhokamasida qoldirilgan izohlardan birida majburiy tamg‘alash tizimi tanqid qilinib, undan kim manfaat ko‘rishi va xarajatlarni kim qoplashi haqida savol qo‘yilgan.

«Buni o‘sha markirovka qiladigan kompaniyadan boshqa odamga foydasi bor, xolos. Va o‘sha uchun o‘ylab topilgan loyiha. Yog‘ning narxi oshib, oshgan qismini butun xalq to‘laydi. Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qayoqqa qarayapti? O‘zi suvlar va boshqa narsalarni ham markirovka qilish markirovka qilayotgan kompaniyani boyitish maqsadida o‘ylab topilgan», — deyiladi izohda.

O‘simlik yog‘ini majburiy raqamli tamg‘alash tashabbusi atrofidagi munozaralar bir muhim savolni kun tartibiga chiqarmoqda: tizimni joriy etishdan olinadigan iqtisodiy samara uni amalga oshirish xarajatlarini oqlaydimi? Rossiya tajribasida ham tamg‘alashning ishlab chiqarish tannarxi va mahsulot narxiga ta’siri yuzasidan xavotirlar bildirilgan, O‘zbekistonda esa ekspertlar va fuqarolar qo‘shimcha xarajatlar oxir-oqibat iste’molchilar zimmasiga tushishi mumkinligini ta’kidlamoqda. 

Shu bois loyihani amalga oshirishdan oldin noqonuniy mahsulotlar aylanmasi ko‘lamini aniqlash, kutilayotgan natijalarni iqtisodiy hisob-kitoblar bilan asoslash va xarajatlarning ishlab chiqaruvchilar hamda aholiga ta’sirini baholash muhim. Aks holda, noqonuniy savdoga qarshi kurashish uchun joriy etilayotgan mexanizmning xarajatini qonuniy ishlab chiqaruvchi va oddiy xaridor to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. 

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 225

Barchasi

Mavzuga oid