Logo

Raqobat qo‘mitasi dori importidagi yirik kompaniyalarni ogohlantirdi

Bugun 19:072 daqiqa

Qo‘mitaning xabar berishicha, ayrim importyorlar va ulgurji distribyutorlar tomonidan talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini xarid qilishda boshqa preparatlarni ham majburiy tarzda qo‘shib sotish holatlari yuzasidan shikoyatlar ko‘paymoqda.

Raqobat qo‘mitasi dori importidagi yirik kompaniyalarni ogohlantirdi

O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini sotishda boshqa preparatlarni ham majburiy tarzda qo‘shib sotayotgan yirik importyorlar va distribyutorlar tekshirilmoqda. Agar raqobatga zid harakatlar tasdiqlansa, qoidabuzarlar huquqbuzarlik sodir etgan davrdagi tushumining 5 foizi miqdorida jarimaga tortiladi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ulgurji distribyutorlar tomonidan xaridorlarga (kichik dorixonalarga) majburiy qo‘shimcha shartlar yuklanayotgani haqida shikoyatlar ko‘paygan.

Qo‘mita bayonotida ta’kidlanishicha: «Bunday holatlar kichik tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi, ularning faoliyatini cheklashi va bozordagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin».

Shu sababli idora dori vositalarining ulgurji savdosida raqobatga zid shartlar qo‘yilishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganmoqda.

Bozordagi konsentratsiya va qonunchilik talablari

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida O‘zbekistonga 305 ta korxona tomonidan dori vositalari import qilingan bo‘lib, shundan 47,2 foizi atigi 5 ta yirik importyor hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, chakana savdoda ham bozor konsentratsiyasi oshmoqda.

2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatda jami 14 598 ta dorixona faoliyat yuritmoqda (ulardan 449 tasi ulgurji va 14 149 tasi chakana). 2023-yilga nisbatan asosiy dorixonalar soni 8 foizga qisqargan bo‘lsa, ularning filiallari soni 33,8 foizga ko‘paygan.

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasiga binoan, muayyan kompaniya yoki shaxslar guruhida bitim shartlari va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyati «ustun muzokara kuchi» deb baholanadi. Shartnoma tuzishda kamsituvchi yoki qo‘shimcha shartlar qo‘yish ushbu kuchni suiiste’mol qilish hisoblanadi.

«Talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini xarid qilishda boshqa buyurtma berilmagan preparatlar yoki tovarlarni ham majburiy sotib olish sharti qo‘yilgani aniqlansa va ushbu harakatlar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi deb topilsa, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin», – deyiladi qo‘mita axborotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi mikroqarz oluvchilarning murojaatlarini tahlil qilib, iste’molchilar uchun muhim ogohlantirish bergandi.

Teglar

Mavzuga oid

Raqobat qo‘mitasi dori importidagi yirik kompaniyalarni ogohlantirdi | Vaqt.uz