Logo

Jahon bozorida oltin narxi uch oy ichida ilk bor 4 ming dollardan pastladi

Bugun 22:343 daqiqa

Qimmatbaho metall haftalik hisobda qariyb 4 foizga arzonlashdi va bu so‘nggi to‘rt oy ichidagi eng katta haftalik yo‘qotish bo‘ldi.

Jahon bozorida oltin narxi uch oy ichida ilk bor 4 ming dollardan pastladi © Foto: Sputnik

Jahon bozorida oltinning bir troya unsiyasi narxi 3 975 dollargacha pasayib, joriy yilning iyul oyi o‘rtalaridan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

23-oktabr kuni xalqaro savdolarda keskin pasayish kuzatildi. «Reuters» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, savdolar davomida oltin narxi 3 975,23 dollargacha tushgan va keyinchalik qisman tiklanib, 4 000,59 dollar atrofida shakllangan. Oltin bilan bir qatorda boshqa qimmatbaho metallar ham arzonlashdi.

Jumladan, kumush narxi 0,7 foizga pasayib, bir unsiya uchun 54,17 dollarni tashkil etdi, shuningdek, platina va palladiy narxlarida ham tushish qayd etildi.

Narx pasayishiga neft va FZT kutilmalari ta’sir qilmoqda

Oltinning arzonlashishiga global bozorda neft narxining ko‘tarilishi va AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) foiz stavkalarini yuqori darajada saqlab qolishi ehtimoli asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.

Saudiya Arabistonidagi husiylar hujumlari ortidan energiya ta’minotida uzilishlar xavfi kuchayib, Brent markali neft narxi besh oylik maksimumga chiqdi. Neftning qimmatlashishi inflatsiya bosimini oshiradi, bu esa FZT tomonidan pul-kredit siyosatini yumshatish imkoniyatini cheklaydi.

Bozor ishtirokchilari 27–28-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda FZT asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish ehtimolini 92 foizga, dekabr oyida esa stavka oshirilishi ehtimolini 83 foizga baholamoqda. Yuqori foiz stavkalari foiz daromadi keltirmaydigan oltinning investitsion jozibadorligini pasaytiradi.

Bundan tashqari, AQSH texnologiya kompaniyalari aksiyalarining arzonlashishi ham oltin bozoriga bosim o‘tkazmoqda. Ayrim investorlar fond bozoridagi yo‘qotishlarini qoplash maqsadida oltin va kumush aktivlarini sotishga majbur bo‘lmoqda.

Oltin narxining tushishi O‘zbekistonga ham ta’sir qiladimi?

Jahon bozoridagi oltin narxi O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Markaziy bank oltin quymalarini sotish va qayta sotib olish narxlarini belgilashda aynan xalqaro qimmatbaho metallar bozoridagi vaziyatni hisobga oladi. Bank ma’lumotiga ko‘ra, narxlar xalqaro bozor sharoitidan kelib chiqib, kun davomida ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Masalan, Markaziy bankning 2026-yil 22-oktabrdagi narxlariga ko‘ra, 5 gramlik oltin quymasi 9 million 6 ming so‘mdan sotilgan. 23-oktabrda esa shu quymaning sotish narxi 8 million 979 ming so‘mni tashkil etdi. Bu bir kun ichida 27 ming so‘mlik pasayish demakdir.

100 gramlik quymaning narxi ham 22-oktabrdagi 180 million 124 ming so‘mdan 23-oktabrda 179 million 572 ming so‘mga tushgan.

Oltin arzonlashi O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga qanday ta’sir qiladi?

Jahon bozoridagi oltin narxi mamlakatning rasmiy xalqaro zaxiralari qiymatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston Markaziy bankining 2026 yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, sentabr oyida mamlakatning umumiy xalqaro zaxiralari 5,54 milliard dollarga, ya’ni 7,69 foizga kamayib, 66,58 milliard dollarga tushgan.

Ushbu pasayishning asosiy qismi aynan oltin zaxiralarining qayta baholanishi hisobiga to‘g‘ri kelgan. Markaziy bank ixtiyoridagi oltin qiymati 4,83 mlrd dollarga yoki 7,46 foizga pasayib, 60,08 mlrd dollarni tashkil etgan.

Biroq zaxiralardagi jismoniy oltin miqdori aksincha oshgan: avgust oyidagi 14,11 million troy unsiyadan sentabrda 14,34 million troy unsiyaga yetgan.

Teglar

Jahon bozorida oltin narxi uch oy ichida ilk bor 4 ming dollardan pastladi | Vaqt.uz