Logo

Urushdagi o‘zbeklar, milliardlik kelishuvlar — hafta dayjesti

Bugun 19:5510 daqiqa

Rubio tashrifi arafasida Rossiya harbiylari ham O‘zbekistonga keldi. Ukrainaning «Yashashni xohlayman» loyihasi esa fronda Kreml foydasiga jang qilayotgan o‘zbekistonliklar sonini ochiqladi. O‘zbek armiyasining dunyodagi reytingi ham e’lon qilindi. Shu va boshqa yangiliklar bilan Vaqt.uz dayjestida tanishing.

AQSHning davlat kotibi O‘zbekistonga keldi, alifbodagi harflar o‘zgardi, Rossiya harbiylari esa O‘zbekistonda. Ammo bu hafta eng achinarlisi — 20 mingdan ortiq Markaziy Osiyo fuqarosi Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzgani, ularning 40 foizdan ortig‘i o‘zbekistonliklar ekani haqidagi xabar bo‘ldi.

Xullas, bu haftada quvonchli yangiliklar ham, odamni o‘ylantiradigan va xavotirga soladigan xabarlar ham yetarlicha bo‘ldi. Masalan, alifbodagi o‘zgarishlar mening ism-familiyamga ta’sir qilmadi. Sizda-chi? Ism-familiyangizni yangi alifboda qanday o‘zgarganini izohlarda yozib qoldiring.

Rossiya harbiylarining O‘zbekistondagi mashg‘ulotlari, dunyoning eng qudratli armiyalari reytingida O‘zbekistonning o‘rni va haftaning boshqa muhim voqealari haqida hozir gaplashamiz.

Rubioning O‘zbekistonga tashrifi

Hafta boshida nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo va AQSH OAVlari ham AQSH davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifini keng yoritdi. Davlat kotibi Samarqandda bo‘ldi. U AQSH va Markaziy Osiyoning beshta davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni birlashtiruvchi C5+1 formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashdi.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lib, muzokaralar olib bordi va davlat rahbaridan mukofot ham qabul qildi.

Rubioning tashrifi davomida nimalar muhokama qilindi? Uning Samarqandga safari qanday o‘tdi, necha milliard dollarlik hujjatlar imzolandi? Bularni Vaqt.uz’ning YouTube sahifasida e’lon qilingan videolarda tomosha qilishingiz mumkin.

Kuryer bilan janjal: restoran maydonchasi olib tashlandi

Piyodalar yo‘lagi kimniki — piyodalarnikimi yoki restoranlarniki?

Toshkentda voyaga yetmagan kuryer bilan janjallashgan restoran vakili 5 sutkaga qamaldi. Shundan keyin piyodalar yo‘laklarining noqonuniy egallanishi yana muhokama markaziga chiqdi.

17-oktabr kuni Markaziy univermag yaqinida «Brasserie Park» restorani vakili bilan kuryer o‘rtasida mojaro yuz berdi. Tarqalgan videoda restoran vakili kuryerga qo‘pol muomala qilib, uni urish bilan tahdid qilgani aks etgan. Kuryer esa navigator ko‘rsatgan yo‘ldan kelganini aytgan.

Sud restoran vakiliga mayda bezorilik uchun 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Tekshiruvda piyodalar yo‘lagidan foydalanish qoidalari buzilgani ham aniqlanib, restoranning yozgi maydonchasi olib tashlandi. Keyinchalik restoran vakili kuryerdan uzr so‘rab, qilgan ishidan pushaymonligini bildirdi.

Qizig‘i, piyodalar yo‘laklarining restoran va do‘konlar tomonidan egallab olinishi haqida avval ham ko‘p gapirilgan. Lekin bu safar bir mojaro masalaning amaliy yechimiga sabab bo‘ldi. Siz ham piyodalar yo‘lagini egallab olgan restoran yoki do‘konlarni uchratganmisiz? Izohlarda yozib qoldiring.

Bu hafta muhokama qilingan mavzulardan yana biri — Rossiya harbiylarining O‘zbekistonga kelgani. Ammo bu haqda gapirishdan oldin ko‘pchilikni xavotirga solgan boshqa bir xabarga to‘xtalamiz.

O‘zbekistonliklar Rossiya armiyasida: 8,2 mingdan ortiq fuqaro shartnoma tuzgan

Ukrainaning «Yashashni xohlayman» loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning 20,4 mingdan ortiq fuqarosi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan. Ularning 40 foizdan ortig‘i — O‘zbekiston fuqarolari. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston — 5 308, Qozog‘iston — 3 819, Qirg‘iziston — 2 219 va Turkmaniston — 884 nafar fuqaro qayd etilgan.

2025-yilda Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzgan Markaziy Osiyo fuqarolari soni 2024-yilga nisbatan 2,1 barobarga oshgan. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa yana 6 043 kishi shartnoma tuzgan. Ularning 2 602 nafari o‘zbekistonliklardir.

Loyiha xorijliklarni Rossiya armiyasiga jalb qilishning uchta usulini ko‘rsatadi: pul va fuqarolik va’da qilish, ish taklif qilib aldash hamda majburlash. Yollovchilar oyiga 2 000–3 000 dollar maosh va turli imtiyozlarni ham va’da qilishi aytiladi.

Rossiya harbiylari O‘zbekistonda

Rossiya harbiylarining O‘zbekistonga kelishi esa qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari bilan bog‘liq. 20–27-oktabr kunlari Termiz poligonida «Hamkorlik-2026» taktik mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Rossiyaning 201-gvardiya harbiy bazasi xizmatchilari harbiy texnikada Tojikiston va O‘zbekiston tog‘lari orqali 300 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, poligonga yetib kelgan.

Mashg‘ulotlarda ikki davlat harbiylari chegaraoldi hududlarida shartli noqonuniy qurolli guruhlarni aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlarni mashq qiladi. O‘quv jarayoniga tog‘ va shturm bo‘linmalari, razvedka va zarba beruvchi dronlar, yerdagi robototexnika majmualari hamda Mi-24 vertolyotlari jalb etiladi.

O‘zbekiston armiyasi dunyo reytingida nechanchi o‘rinda?

Rossiya harbiylari O‘zbekistonda mashg‘ulot o‘tkazayotgan bir paytda dunyodagi eng qudratli armiyalar reytingi ham e’lon qilindi. Sizningcha, O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

«Global Firepower»ning 2026-yilgi reytingida O‘zbekiston 145 ta mamlakat orasida 53-o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinda AQSH, undan keyin Rossiya va Xitoy turibdi. Kuchli beshlikni Hindiston va Janubiy Koreya yakunlaydi.

Markaziy Osiyoda esa O‘zbekiston yetakchi. Qozog‘iston 58, Turkmaniston 78, Tojikiston 100, Qirg‘iziston esa 108-o‘rinda qayd etilgan.

Erkinjon Turdimovga uch o‘rinbosar tayinlandi. Ulardan biri — DJ

Bu hafta yangi ta’lim va ilm-fan vazirining o‘rinbosarlari tayinlanganidan ko‘ra, ulardan birining DJlik faoliyati ko‘proq muhokama qilindi.

20-oktabr kuni prezidentning tegishli qarori bilan vazirlikda yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Oybek Yo‘ldoshev vazirning birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar «PwC Uzbekistan» kompaniyasida davlat sektori, infratuzilma va ESG bo‘yicha konsalting amaliyoti direktori bo‘lib ishlagan.

Mehriniso Pardayeva vazir o‘rinbosari lavozimini egalladi. U tayinlovga qadar Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida boshqarma boshlig‘i edi. Sanjar Mirzaliyev ham vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori bo‘lib ishlagan.

Ammo Oybek Yo‘ldoshevning tayinlovi e’lon qilingach, uning DJlik faoliyatiga oid videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Kimdir «Ta’lim kimlarning qo‘liga qoldi?» deya tanqid qildi. Boshqalar esa odamning kasbidan tashqari qiziqishlari ham bo‘lishi tabiiyligini ta’kidladi. Axir insonning sevimli mashg‘uloti uning kasbi bilan bir xil bo‘lishi shart emas. Muhimi, u o‘z zimmasidagi vazifani qay darajada uddalayapti — gap ana shunda.

Siz nima deb o‘ylaysiz: rahbarning avvalgi mashg‘uloti muhimmi yoki uning ish natijasimi?

«Yangilik qilib, Amerikani ochish kerak emas»

«Yangilik qilib, Amerikani ochish kerak emas». Bu — yangi ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimovning gaplari. U yangi lavozimga tayinlanganidan keyin ilk bor OAVga intervyu berdi.

Gazeta.uz’ga bergan intervyusida vazir ta’lim tizimida yangi qonun va qoidalar yaratishdan ko‘ra, mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish muhimligini ta’kidladi. Turdimov kadrlar masalasiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, xodimlarni shunchaki almashtirish bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Avvalo, ularning ish natijalarini tahlil qilish kerak.

«Aravani hamma o‘zi tortishi kerak. Aravani torta olmayotganlar nima bo‘ladi? Safdan tushib qoladi», — dedi vazir.

Shuningdek, u ta’lim sifatini oshirishda ota-onalarning ham mas’uliyati borligini eslatdi. Uning fikricha, farzandning bilim olishi faqat maktab yoki o‘qituvchining vazifasi emas.

«Farzandingiz bilan har kuni bir soat vaqt ajratib dars qilasizmi? Dars qilmaysiz. Ko‘pchilik qilmaydi», — dedi Turdimov.

Endi savol shuki, vazir aytgan bu fikrlar ta’lim tizimida amalda qanday o‘zgarishlarga olib keladi?

Til bayramida tarixiy qaror

O‘zbek alifbosida to‘rtta harf o‘zgardi. Yozuvdagi «ng» birikmasi alifbodan chiqarildi, ammo tovush saqlanib qoladi.

Alifbo masalasi kecha yoki bugun paydo bo‘lgan bahs emas. Bu mavzu ko‘tarilganida turli fikrlar bildirilgan, takliflar muhokama qilingan, ammo yakuniy qaror ortga surilib kelgan. 2023-yil 11-dekabrda jadidlar merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ham bu masala ochiq ko‘tarilgan edi. O‘shanda alifbo borasidagi uzoq yillik bahslarga nuqta qo‘yish vaqti kelgani aytilgandi.

Oradan qariyb uch yil o‘tib, masala huquqiy yechimini topdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Yangi alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat bo‘lishi belgilangan. Amaldagi harflar va harflar birikmalariga oid qoidalar o‘zgarib, yangi shakllar joriy etilmoqda. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

Bu o‘zgarish barcha hujjatlarni birdaniga almashtirish kerakligini anglatmaydi. Qonun kuchga kirguniga qadar avvalgi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valutalar va qimmatli qog‘ozlar o‘z kuchida qoladi. Davlat tashkilotlarining avvalgi harflar tushirilgan ramziy belgilari, peshlavhalari va ko‘rsatkichlaridan ham ular yaroqsiz holga kelguniga qadar yoki Vazirlar Mahkamasi belgilagan muddatgacha foydalanish mumkin bo‘ladi. Hukumat ikki oy muddatda qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak.

Shunday qilib, yillar davomida muhokama qilingan alifbo masalasi bo‘yicha qaror qabul qilindi. Endi asosiy savol — yangi alifboga o‘tish jarayoni qanday tashkil etiladi?

«Made in Qashqadaryo»: milliardlab dollarlik loyihalar

6 milliard dollardan ortiq loyihalar, xalqaro uchrashuvlar va yangi tashabbuslar. Bu hafta prezidentning kun tartibida nimalar bo‘ldi?

Hafta boshida Shavkat Mirziyoyev AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashib, muzokaralar olib bordi. Shuningdek, intensiv baliqchilikni rivojlantirish, energiya tejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish va raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishdi. Favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish, suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni ta’minlash masalalari ham kun tartibidan joy oldi.

Xalqaro uchrashuvlar ham davom etdi. Prezident BMT Bosh assambleyasining 81-sessiyasi raisi, Bangladesh tashqi ishlar vaziri va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi hamda YXHT Parlament assambleyasi raisini qabul qildi.

Haftaning asosiy voqealaridan biri Qashqadaryodagi tashrif bo‘ldi. Viloyatda umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 161 ta loyihani ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi o‘tkazildi. Davlat rahbari Qashqadaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va uning negizida tashkil etilgan «Kasblar shaharchasi» bilan tanishdi. G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasining Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalasiga bordi. Qamashi tumanidagi Chim mahallasida esa obodonlashtirish ishlari va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Xullas, bu haftada xalqaro muloqotlar ham, iqtisodiy loyihalar ham kun tartibida bo‘ldi. Qashqadaryoda esa milliardlab dollarlik rejalar e’lon qilindi.

Birinchi xonimlarning Samarqanddagi uchrashuvi

Bu hafta Samarqandga bolalar farovonligiga bag‘ishlangan xalqaro sammit uchun turli mamlakatlardan nufuzli mehmonlar keldi. Ular orasida kimlar bor edi va qanday muhim yangiliklar e’lon qilindi?

Sammitda Turkiya birinchi xonimi Emina Erdog‘an, Qirg‘iziston prezidenti rafiqasi Oygul Japarova, Livan prezidenti rafiqasi Nimet Aun va boshqa mehmonlar qatnashdi. Tadbirda prezidentning qizi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ham so‘zga chiqdi.

«Bugun bolalarimizning baxti, salomatligi va xavfsizligi bizning qo‘limizda. Shuning uchun bolalar oldidagi mas’uliyatimiz ertaga emas, aynan bugundan boshlanadi», — dedi u.

Sammitda yana bir muhim yangilik e’lon qilindi: og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga, jumladan, saratonga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq tuzildi. O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ushbu tarmoqqa ikki yil muddatga rais bo‘ldi.

Samarqandda bolalar uchun «IMKON» markazi ham ochildi. Bu yerda maktabgacha ta’lim, korreksion-pedagogik yordam va reabilitatsiya xizmatlari birlashtirilgan. Markazning maktabgacha ta’lim bo‘limi 150 o‘ringa mo‘ljallangan. Ambulator bo‘limida esa oyiga qariyb 100 bola reabilitatsiya kursidan o‘tishi mumkin.

Sammitning madaniy dasturi doirasida Ziroat Mirziyoyeva boshqa birinchi xonimlar va yuqori martabali mehmonlar bilan birgalikda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga ham tashrif buyurdi.

Xullas, Samarqanddagi sammitda bolalar farovonligi muhokama qilindi, yangi Global tarmoq tuzildi va bolalarga kompleks yordam ko‘rsatadigan «IMKON» markazi ochildi.

«Anorbank» atrofida nima bo‘lyapti?

O‘tgan yili Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani haqidagi da’vosi muhokamalarga sabab bo‘lgan, keyinchalik Interpol qidiruviga berilgani ma’lum bo‘lgan «Anorbank» aksiyadori Qahramonjon Olimov bu safar o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmasligini bildirib, bayonot berdi.

Yodingizda bo‘lsa, Olimov 2025-yilning iyunida Parijda o‘g‘irlab ketilgani, ikki kun ushlab turilib, qiynoqqa solingani va tovon puli to‘lashga majbur qilinganini aytgan edi. Keyinchalik esa uning o‘zi odam o‘g‘irlash ishida ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi.

«The Insider» va Fransiyaning «L’Express» nashrlari o‘tkazgan surishtiruvda Olimovning o‘g‘irlab ketilgani haqidagi da’volarga shubha uyg‘otuvchi holatlar keltirilgan. Nashrlar voqea atrofidagi ayrim tafsilotlarni shubhali deb baholagan.

Olimov so‘nggi bayonotida o‘zi va oilasi 18 oydan beri bosimga uchrayotganini aytib, Fransiya va O‘zbekiston sud tizimlariga ishonishini bildirgan.

Bu orada «Anorbank»ning xalqaro reytingi ham ikkinchi marta pasaytirilib, «CCC» darajasiga tushirildi. Bank va Markaziy bank esa moliya muassasasi odatdagidek ishlayotgani, mijozlar oldidagi majburiyatlar bajarilayotganini ma’lum qilgan.

Olimov 2-oktabr kuni bank kuzatuv kengashidan chiqish uchun ariza bergan. Bu masala 28-oktabr kuni aksiyadorlar yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Toshkentdagi elektr uzilishiga shar sabab bo‘ldi

Qattiq shamol bo‘lganda yoki yomg‘ir, qor yoqqanida simlar shikastlanib, chiroq o‘chganini eshitgansiz, to‘g‘rimi? Lekin bu hafta tarixda bo‘lmagan bir holat sodir bo‘ldi. 19-oktabr kuni Toshkentdagi to‘rtta tumanning ayrim hududlarida elektr ta’minotidagi uzilishga «Aksa Toshkent» issiqlik elektr stansiyasining qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushgani sabab bo‘ldi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa soat 19:05 da yuz bergan. Himoya tizimi ishga tushishi oqibatida stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan. Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha uzilgan. Soat 19:25 da ta’minot zaxira manbalari orqali tiklangan, 19:38 da esa barcha iste’molchilarga elektr yetkazib berish to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Vazirlik fuqarolarni elektr qurilmalari yaqinida havoga shar uchirmaslikka chaqirdi.


Teglar

Feruza Najmiddinova

Feruza NajmiddinovaMaqolalar soni: 18

Barchasi

Mavzuga oid