15 trillion so‘m foyda ko‘rgan banklar, reytingda pastlagan O‘zbekiston pasporti va AQSHda 12 mln dollarlik o‘g‘irlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik — 23-oktabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

AQSHda o‘zbekistonlik erkak 12 mln dollarlik yuklarni o‘g‘irlashda ayblanmoqda
AQSHda 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Nursulton Haydarov 12 million dollardan ortiq qiymatdagi yuklarni o‘g‘irlashda ayblanib, federal sud oldida javob bermoqda. Unga nisbatan jinoiy til biriktirish ayblovi qo‘yilgan bo‘lib, agar aybi isbotlansa, besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Haydarov va uning sheriklari yuk tashish kompaniyalarini sotib olib, ularning bozoridagi obro‘si va ma’lumotlaridan foydalangan holda shartnomalarni qo‘lga kiritgan. Biroq, kamida 24 ta holatda yuklar (elektronika, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqalar) manziliga yetkazilmay, o‘g‘irlab ketilgan. Bundan tashqari, gumonlanuvchi boshqa shaxslar, jumladan, qozog‘istonlik xonanda Qayrat Nurtas nomiga rasmiylashtirilgan va o‘zining surati yopishtirilgan soxta haydovchilik guvohnomalaridan foydalangani aniqlangan. U joriy yilning 1-iyun kuni Kaliforniyada hibsga olingan.
O‘zbekiston pasporti xalqaro reytingda 9 pog‘ona pastladi
«Henley Passport Index» xalqaro reytingining 2026 yil oktabr oyi uchun e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston pasporti joriy yilning aprel oyiga nisbatan 9 pog‘ona pastlab, 73-o‘rindan 82-o‘ringa tushdi. Hozirda mamlakat fuqarolari dunyoning 59 ta davlatiga vizasiz sayohat qilish huquqiga ega bo‘lib, reytingning bu pog‘onasidan O‘zbekiston bilan bir qatorda Burkina-Faso va Togo davlatlari ham joy olgan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni Qozog‘iston (66-o‘rin, 77 ta davlat) qayd etgan bo‘lsa, Qirg‘iziston 78-o‘rin (63 ta), Tojikiston 84-o‘rin (52 ta) va Turkmaniston 93-o‘rinni (44 ta) egalladi. Global miqyosda esa 193 ta davlatga vizasiz kirish imkonini beruvchi Singapur pasporti birinchi o‘rinni band etgan, ro‘yxatning eng so‘nggi 106-o‘rinida esa Afg‘oniston (22 ta davlat) bormoqda.
O‘zbekiston banklari 9 oyda 15 trln so‘mdan ortiq sof foyda oldi
2026 yilning yanvar–sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi 34 ta tijorat bankining umumiy sof foydasi 15,2 trillion so‘mdan oshdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40,3 foizga o‘sdi. Ushbu o‘sishning qariyb yarmi (44,9 foizi) faqatgina bitta muassasa — «Ipoteka bank» hissasiga to‘g‘ri kelib, bank o‘z foydasini 20 barobarga (2,07 trillion so‘mgacha) oshirgan holda reytingning 1-o‘riniga ko‘tarilib oldi.
Tizimda olingan jami sof foydaning 74,8 foizini eng yirik 10 ta bank shakllantirdi va 5 ta gigant bankning foydasi 1 trillion so‘mlik marradan oshdi. Mulkchilik shakli bo‘yicha tahlil qilinganda, 25 ta xususiy bankning sof foydasi 55,4 foizga (umumiy foydadagi ulushi 69,5 foizga yetdi), 9 ta davlat bankining foydasi esa 14,9 foizga o‘sgan. Butun bank tizimi bo‘yicha faqatgina 2 ta bank — «TBC Bank» (69,6 mlrd so‘m) va «Mikrokreditbank» (50,4 mlrd so‘m) 9 oylikni zarar bilan yakunlagan.
Davlat qurilishlarida pudrat tashkilotlarining xarajatlari qanday hisoblanadi?
Hukumat qarori bilan 2027 yil 1-yanvardan boshlab davlat mablag‘lari va ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hisobidan amalga oshiriladigan qurilish obyektlarida pudratchi xarajatlarini hisoblashning yangi tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra, ishchilarning ish haqi bir soatlik eng kam mehnatga haq to‘lash miqdorining 5 foizi (ijtimoiy soliqni hisobga olgan holda) darajasida, ishlab chiqarish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlarning 2,5 foizi (tog‘li va olis hududlarda 5 foiz) etib belgilanadi. Shuningdek, pudratchining boshqa xarajatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlarning 20 foizi, zarur foyda esa 7 foiz miqdorida hisoblanadi.
Bir yildan kam faoliyat yuritgan va moliyaviy hisobot topshirmagan yangi pudrat tashkilotlari uchun boshqa xarajatlar smeta qiymatining 10 foizi darajasida qabul qilinadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarajatlarni hisoblash va tasdiqlash ishlari «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali faqat elektron shaklda amalga oshiriladi hamda tender asosida tuzilgan shartnomalar amal qilish davrida pudratchi xarajatlari miqdorini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xorijdagi o‘zbekistonliklarga 850 ming dollar ish haqi undirib berildi
Migratsiya agentligi tomonidan 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida xorijda mehnat qilayotgan 817 nafar o‘zbekistonlikning murojaati qanoatlantirilib, ularning foydasiga xorijiy ish beruvchilardan jami 850 ming dollar miqdoridagi ish haqi va kompensatsiyalar undirib berildi. Mazkur murojaatlarning asosiy qismi Rossiya (533 ta), Turkiya (155 ta) va Janubiy Koreya (92 ta) davlatlaridan kelib tushgan.
Shuningdek, hisobot davrida 532 nafar fuqaroning (asosan Rossiya va Turkiyada) ish beruvchilar yoki vositachilar qo‘lida qolib ketgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qaytarib olib berildi. Agentlik xorijda mehnat qilish jarayonida qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizni 1282 qisqa raqami yoki «@huquqiy_yordam_uzbot» Telegram boti orqali tunu kun yordam so‘rab murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.





