Logo

Toshkentda qurilish sabab qabriston devori quladi, qabr toshlari shikastlandi

Bugun 20:301 daqiqa

Sobiq shampan vinzavodi hududida noqonuniy qurilish oqibatida Botkin qabristoni devori qulab tushdi.

Toshkentda qurilish sabab qabriston devori quladi, qabr toshlari shikastlandi © Videodan kadr

Toshkent shahridagi sobiq shampan vinzavodi hududida olib borilgan qurilish ishlari vaqtida Botkin qabristonini ajratib turuvchi devor qulab tushdi. Oqibatda 15-sektorning so‘nggi qatoridagi bir nechta qabr toshlariga shikast yetgan. Holat yuzasidan poytaxt hokimligi izoh berdi.

Dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, devor qulashi oqibatida faqat qabr toshlari zarar ko‘rgan, qabrlarning o‘zi ochilmagan va ularga ziyon yetmagan.

«Qoidabuzarliklar bilan olib borilgan qurilish ishlari to‘xtatildi, mas’ul shaxslar aniqlandi. Hodisa tafsilotlari va mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi. Aybdorlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi», — deyiladi hokimlik munosabatida.

Vaziyatga sababchi bo‘lgan buyurtmachi va pudrat tashkilotiga devor qulashi oqibatlarini bartaraf etish hamda shikastlangan qabr toshlarini tiklash majburiyati yuklatilgan. Qurilish tashkiloti vakillari uzr so‘rab, tiklash ishlarini hafta oxiriga qadar yakunlashlarini ma’lum qilgan.

«O‘tganlar xotirasi va ularning yaqinlari his-tuyg‘ulariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish shart», - deyiladi hokimlik munosabatda.

Hokimlik tiklash ishlari nazoratda bo‘lishini va vaziyat yuzasidan jamoatchilikka ma’lumot berib borilishini bildirgan.

Mavzuga oid