Toshkentda suv sarfini hisoblash avtomatlashtirilmoqda: 2027 yil uchun yangi reja tasdiqlandi
2026 yil boshidan buyon poytaxtning beshta tumanida 190 mingdan ortiq hisoblagich bepul o‘rnatilgan.

Toshkentda ichimlik suvi iste’molini hisobga olish tizimini raqamlashtirish ishlari davom etmoqda. 2026 yil 23-oktabrda shahar hokimligi, «Texnopark» korxonasi va Fransiyaning «SUEZ International SAS» kompaniyasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ishchi uchrashuvda 2027 yil uchun aqlli suv hisoblagichlarini o‘rnatish rejalari muhokama qilindi.
Toshkent shahar hokimligining xabar berishicha, kelasi yilgi ishlarning asosiy mezonlaridan biri — suv ta’minoti balansini shakllantirish bo‘ladi. Shuningdek, hisoblagichlar o‘rnatiladigan hududlar ham belgilab olingan. Biroq e’lon qilingan xabarda 2027 yilda mazkur qurilmalar o‘rnatiladigan tumanlarning to‘liq ro‘yxati ochiqlanmagan.
Uchrashuv Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari O. Mo‘minov rahbarligida o‘tkazildi. Unda ishlarni bosqichma-bosqich tashkil qilish va mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishga kelishib olingan.
Qaysi tumanlarda hisoblagichlar o‘rnatilgan?
Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, 2026 yil boshidan buyon beshta tumandagi aholi xonadonlariga 190 mingdan ortiq aqlli suv hisoblagichi bepul o‘rnatib berilgan:
· Sergeli
· Yakkasaroy
· Chilonzor
· Uchtepa
· Yangihayot
Aqlli hisoblagichlar nima uchun kerak?
Toshkentda ichimlik suvini hisobga olishni raqamlashtirish loyihasi Toshkent shahar suv ta’minoti, «O‘zsuvta’minot» va Fransiyaning «SUEZ» kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, aqlli hisoblagichlar suv sarfi haqidagi ko‘rsatkichlarni radiomodullar orqali avtomatik tarzda uzatishi, oqishlar va texnik nosozliklarni tezda aniqlashga yordam beradi. Iste’molchilar shaxsiy onlayn kabinet orqali suv sarfini kuzatib borishi va mobil ilovalar yordamida to‘lovlarni masofadan amalga oshirishi mumkin.
Hisoblagichlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilyaptimi?
Toshkentdagi suv ta’minoti tizimini raqamlashtirish bilan bir vaqtda aqlli hisoblagichlarni mahalliylashtirish ham yo‘lga qo‘yilgan.
2025 yilda «Texnopark» va Germaniyaning «Diehl Metering» kompaniyasi hamkorligida «OSTEN» brendi ostida aqlli suv hisoblagichlari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona ish boshladi. Zavodning dastlabki ishlab chiqarish quvvati yiliga 350 mingta hisoblagichni tashkil etadi.
Mahalliy korxonada ishlab chiqarilgan hisoblagichlar «Diehl Metering» kompaniyasining «IZAR NET» va «IZAR Mobile» axborot tizimlari bilan uyg‘unlikda ishlay oladi. Mazkur tizimlar orqali suv sarfini aniq kuzatish, oqishlarni tezda aniqlash va hisob-kitoblar shaffofligini oshirish mumkinligi bildirilgan.
O‘zbekistonda suv iste’moli va yo‘qotishlarni kamaytirish rejasi
Aqlli hisoblagichlarni o‘rnatish Toshkentdagi alohida loyiha bo‘lsa-da, butun mamlakat bo‘ylab suv ta’minotini raqamlashtirish va yo‘qotishlarni kamaytirish rejalari ham ishlab chiqilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yil 21-iyul kuni ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Rasmiy ma’lumotda so‘nggi yillarda ushbu sohaga kiritilgan investitsiyalar hajmi 2,7 milliard dollarga yetgani, markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi esa 2017 yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga ko‘tarilgani qayd etilgan.
Taqdimotda 2030 yilga borib ichimlik suvi iste’moli hozirgi 941 million kub metrga nisbatan yana 230 million kub metrga oshishi mumkinligi prognoz qilingan. Shu sababli suvni aniq hisobga olish va yo‘qotishlarni kamaytirish eng ustuvor vazifalar qatoriga kiritildi.
Hukumat axborotiga ko‘ra, suv yo‘qotishlarini 35 foizdan 25 foizga tushirish, barcha shahar va tuman markazlaridagi iste’molchilarni masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlash, raqamli suv tarmoqlari xaritasini yaratish hamda «SCADA» va «GIS» tizimlarini keng joriy etish vazifalari qo‘yilgan.





