Rossiyada o‘zbekistonliklar o‘rnini hindistonliklar egallayaptimi? Raqamlar tahlili
Rossiyada 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida viza talab qilinadigan davlatlar fuqarolariga berilgan ishlash ruxsatnomalari soni 21 foizga oshdi, Markaziy osiyolik migrantlarga berilgan patentlar esa qariyb 21 foizga kamaydi. Moskva Hindistondan ishchilar jalb qilishni kengaytirayotgan bir paytda o‘zbekistonliklarning Rossiyaga mehnat migratsiyasi ham qisqarib bormoqda.

Rossiya mehnat bozorida xorijiy ishchilarni jalb qilish siyosati tubdan o‘zgarmoqda. Mamlakat hukumati ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida Hindiston, Xitoy, Indoneziya va boshqa viza talab qilinadigan davlatlar fuqarolarini ko‘proq jalb qilmoqda. Bu jarayon Rossiya uchun an’anaviy mehnat migratsiyasi manbai bo‘lib kelgan Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.
Rossiyaning «Argumentы i faktы» nashri e’lon qilgan tahlilida Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib, yilning yanvar–sentabr oylarida vizali davlatlar fuqarolariga 215,3 mingta ishlash ruxsatnomasi berilganini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 21 foizga ko‘p.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyodan borgan mehnat migrantlariga berilgan patentlar soni qariyb 21 foizga kamayib, 1,1 milliontaga tushgan. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarining Rossiyaga mehnat qilish maqsadida kirish ko‘rsatkichi esa 2,3 milliondan 1,9 milliongacha qisqargan.
Rossiya Hindistondan ishchilar jalb qilishni kengaytirmoqda
Rossiyaning xorijiy ishchilarga bo‘lgan ehtiyoji faqatgina migratsiya siyosatiga bog‘liq emas. Mamlakatning o‘zida ham ishchi kuchi tanqisligi yaqqol sezilmoqda.
«Reuters» agentligining 2026 yil 11-fevraldagi tahlilida Rossiya hukumati baholariga tayanib, mamlakat iqtisodiyotida kamida 2,3 million ishchi yetishmayotgani qayd etilgan. Maqolada Ukrainadagi urushning mehnat resurslariga ta’siri, rubl kursining pasayishi, migratsiya qoidalarining kuchaytirilishi va migrantlarga nisbatan salbiy munosabat Markaziy Osiyodan keladigan ishchilar oqimini susaytiruvchi asosiy omillar sifatida sanalgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Hindistondan kelgan ishchilarni to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, mahsulotlarni qayta ishlash va boshqa sohalarda faol ishga jalb qilmoqda. Nashrning yozishicha, Moskva yaqinidagi korxonalarda hindistonlik ishchilar parda va choyshab tikish, sabzavotlarni saralash hamda qadoqlash ishlari bilan band.
Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov ham mamlakat iqtisodiyoti xorijiy ishchilarga muhtoj ekanini ta’kidlagan. «Reuters» keltirgan bayonotga ko‘ra, uning hisob-kitobicha, faqatgina qayta ishlash sanoatining o‘ziga qo‘shimcha 800 ming nafar ishchi talab etiladi.
Hindiston mehnat migratsiyasida yetakchiga aylanmoqdami?
Rossiya hukumati 2026 yilda vizali tartibda keladigan xorijiy ishchilar uchun jami 278 940 ta ishlash ruxsatnomasi va aynan mehnat faoliyati maqsadida kirishga ruxsat beruvchi shuncha miqdordagi taklifnoma kvotasini tasdiqlagan. Bu 2025 yildagi 234 960 talik kvotaga nisbatan 18,7 foizga ko‘p.
Moskvadagi «Skolkovo» boshqaruv maktabi va «Intrud» kompaniyasi tadqiqotiga tayanib, «RIA Novosti»dan iqtibos keltirgan «Ritm Yevrazii» nashri 2026 yil uchun Hindiston fuqarolariga 90 384 ta, Xitoy fuqarolariga esa 89 057 ta kvota ajratilganini yozgan. Ushbu hisob-kitobga ko‘ra, Hindiston vizali davlatlar orasida birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Rossiya hukumatining 2025 yil 28-noyabrdagi 1920-son qarorida 2026 yil uchun mo‘ljallangan umumiy vizali ishchilar kvotasi tasdiqlangan.
Hindistondan ishchi kuchi jalb qilish bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi huquqiy hamkorlik ham mustahkamlanmoqda. Rossiya va Hindiston hukumatlari 2025 yil 4-dekabrda vaqtinchalik mehnat faoliyati to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026 yil 12-oktabrda uni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Kelishuvga ko‘ra, ushbu tartib asosida ishlayotgan chet el fuqarolarining ish haqi va mehnat sharoitlari mezbon davlatning xuddi shunday lavozimda ishlaydigan mahalliy fuqarolarinikidan kam bo‘lmasligi shart. Qolaversa, ishchilar faqat ruxsatnomada ko‘rsatilgan mehnat vazifasini bajarishi mumkin; boshqa haq to‘lanadigan ishga o‘tish esa ruxsatnomaning bekor qilinishiga olib keladi.
Markaziy Osiyodan kelayotgan ishchilar soni qanchaga kamaydi?
«Argumentы i faktы» nashri keltirgan Rossiya Ichki ishlar vazirligi statistikasiga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida Markaziy osiyolik migrantlarga berilgan mehnat patentlari soni qariyb 21 foizga kamayib, 1,1 milliontani tashkil qilgan. Xuddi shu davrda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarining mehnat qilish maqsadida Rossiyaga kirish ko‘rsatkichi 2,3 milliondan 1,9 millionga tushib ketgan.
Markaziy bankning O‘zbekiston mehnat bozori bo‘yicha 2026 yil II chorak tahlilida ham Rossiyaga mehnat qilish maqsadida borish holatlari kamaygani qayd etilgan. 2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga ishlash maqsadidagi kirishlari taxminan 1,18 milliontani tashkil etgan, bu esa 2025 yilning mos davriga nisbatan 13,2 foizga kam.
O‘zbekistonliklar Rossiyani ommaviy tark etmoqdami?
O‘zbekiston Migratsiya agentligi 2026 yil sentabr oyida e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xorijda mehnat qilayotgan jami 1,4 million nafar o‘zbekistonlikning 834,2 ming nafari aynan Rossiyada band bo‘lgan. Qolaversa, Yevropa davlatlarida 258 ming, Qozog‘istonda 84,4 ming, Turkiyada 72,1 ming va Janubiy Koreyada 46,4 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda.
Agentlik ma’lumotlari mehnat migratsiyasi geografiyasi tobora o‘zgarib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. 2025 yilda MDH davlatlariga ishlash uchun ketish 29 foizga kamaygan bo‘lsa, Yevropa davlatlariga chiqish 42 foizga, Osiyo mamlakatlariga esa 26 foizga oshgan.