
2026-yilda havo tozaligini ta’minlash uchun qancha mablag‘ ajratilishi ochiqlandi
2026-yilgi davlat byudjeti muhokamasida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri O‘zbekistonda ekologik muammolarni hal etish uchun qancha mablag‘ ajratilganini ma’lum qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida mamlakatda havo sifati bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga ajratiladigan mablag‘lar atroflicha ko‘rib chiqildi. Deputat Mohira Xo‘jayeva sanoatning birinchi va ikkinchi toifadagi korxonalarini zamonaviy filtrlash va tozalash inshootlari bilan jihozlash uchun belgilangan mablag‘lar yetarlimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
Savolga Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov javob qaytardi. Uning ta’kidlashicha, «2026 yilga qo‘shimcha tushumlar ham farmonning daromadlari bizning prognoz qilishimiz bo‘yicha 548 milliard so‘mni tashkil qiladi». Kazbekov Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya va 24 soatlik shtab ish olib borayotganini aytib, «Ular ilmiy asoslantirilgan, hisob-kitoblarga asoslangan bo‘lishi kerak. Shuning uchun siz ko‘targan, aytilgan masalalar hammasi hisobga olingan», deya qo‘shimcha qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham masala yuzasidan fikr bildirdi.
«Bizga shunday topshiriq bo‘lganki, qaror bilan 900 milliard so‘m 2025 yilning o‘zida bularga ajratib, jamg‘armaga o‘tkazib berish ko‘zda tutilgan. Biz yil yakunigacha 900 milliard so‘mni jamg‘armaga o‘tkazib beramiz. Byudjetning kelgusi o‘qishlarida shuning hammasini joy-joyiga qo‘yib, o‘ylaymizki, Mohira Mirzahmatovada ham va boshqa deputatlarimizda ham bu soha uchun ajratilayotgan mablag‘larning yetarli, yetarli emasligi haqida hech qanday shubha qolmaydi», — deydi Jamshid Qo‘chqorov.
Vazir nazarda tutgan jamg‘arma, ya’ni ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi prezidentning 2025 yil 18-noyabrdagi qarori bilan tashkil etilgan edi. Hujjatga ko‘ra, jamg‘armaning daromad manbalari sifatida 2025 yilda — 900 milliard so‘m, 2026 yilda — 548 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
2026 yil 1-yanvardan boshlab uglerod birliklari savdosidan tushumlarning 20 foizi, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan jarima va kompensatsiya to‘lovlarining belgilangan qismi, shuningdek, import transport vositalari uchun to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi ham jamg‘armaga yo‘naltiriladi.





