add

2026-yilda O‘zbekistonda ekologiyaga 1,9 trln so‘m ajratiladi

Bugun 12:58502 daqiqa

Prezident Murojaatnomasida qayd etilishicha, chang-to‘zonlarni kamaytirish, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik kadrlar tayyorlash bo‘yicha yirik dasturlar amalga oshiriladi.

2026-yilda O‘zbekistonda ekologiyaga 1,9 trln so‘m ajratiladi

2026 yildan boshlab O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan keng ko‘lamli ekologik chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ularning asosiy maqsadi chang-to‘zonlarning oldini olish, yashil hududlar ulushini oshirish hamda shahar va qishloqlarda ekologik barqaror muhitni shakllantirishdan iborat, dedi Prezident o‘zining parlament va xalqqa Murojaatnomasida.

Xususan, chang-to‘zonlar eng ko‘p kuzatiladigan hududlardan biri bo‘lgan Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda «yashil makon» barpo etiladi. Sirdaryo viloyatida esa 84 kilometr masofani qamrab oladigan «yashil devor» tashkil etish rejalashtirilgan. Bu loyihalar shamol tezligini pasaytirish va havodagi chang zarralarini kamaytirishga xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy hududlarida jami 250 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi. Shundan 115 ming gektari Orol dengizining qurib qolgan tubiga to‘g‘ri keladi. Bu tadbir Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va aholi salomatligiga salbiy ta’sirlarni kamaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil etiladi, aholi dam olishi uchun 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari barpo etiladi. Bu shahar muhitini yaxshilash va «yashil infratuzilma»ni kengaytirishning muhim qismi hisoblanadi.

Korxonalarda ekologik standartlarni joriy etish jarayoni ham jadallashtiriladi. Kelgusi besh yilda kamida 30 ming nafar ekologik menejerga ehtiyoj yuzaga kelishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan 2026 yildan har bir hududda «yashil» texnikumlar tashkil etilib, dual ta’lim asosida yiliga 10 ming mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyati kengaytirilib, havo, suv va tuproq sifati tahlili uchun kompleks laboratoriyalar yaratiladi. Shaharlarda tabiiy ventilyatsiyani kuchaytirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladi.

Umuman olganda, 2026 yilda ekologik islohotlar va loyihalarni moliyalashtirish uchun 1 trillion 900 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid

2026-yilda O‘zbekistonda ekologiyaga 1,9 trln so‘m ajratiladi | Vaqt.uz