add

2026 yilda pul o‘tkazmalari 10 foizgacha o‘sishi kutilmoqda — Markaziy bank

Bugun 22:201081

Markaziy bank kelgusi yilda xorijdan O‘zbekistonga yo‘naltiriladigan pul o‘tkazmalari 10 foizgacha ortishi mumkinligini ma’lum qildi. O‘sish mehnat muhojirlariga talab va valyutalar kursining barqarorligi bilan izohlanmoqda.

2026 yilda pul o‘tkazmalari 10 foizgacha o‘sishi kutilmoqda — Markaziy bank

Markaziy bankning «Pul-kredit siyosatining 2026 yil va 2027–2028 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlar» konsepsiyasida ta’kidlanishicha, kelgusi yilda xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 6–10 foizgacha o‘sishi kutilmoqda. O‘rta muddatli istiqbolda bu ko‘rsatkich 8–12 foiz atrofida shakllanishi mumkin.

Regulyatorning ma’lumot berishicha, bu o‘sishni ishchi muhojirlarni qabul qiluvchi davlatlar valyutalarining mustahkamlanishi, iqtisodiy faollikning o‘sishi va mehnat bozoridagi yuqori talab belgilab bermoqda.

Shuningdek, migratsiya yo‘nalishlarining kengayishi va geografik diversifikatsiya ham muhim omil sifatida qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatga pul o‘tkazmalari hajmi 24 foizga oshib, 13,9 milliard AQSH dollariga yetdi. Bu 2023 yilga nisbatan 66 foizga yoki 5,5 milliard dollarga ko‘pdir.

Pul o‘tkazmalari manbalarida Rossiya yetakchilik qilmoqda — jami mablag‘larning 78 foizi yoki 6,4 milliard dollari ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qism Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston va Litva kabi davlatlar orqali yo‘naltirilgan.

Markaziy bank bu tendensiyani tashqi mehnat bozoridagi barqaror faollik va valyutalar bozoridagi musbat dinamika bilan izohladi.

Teglar

Mavzuga oid

2026 yilda pul o‘tkazmalari 10 foizgacha o‘sishi kutilmoqda — Markaziy bank | Vaqt.uz